11:50 / 11.10.2019
1
14424
Senat yalpi majlisida bank faoliyatiga oid ikkita qonun ma'qullandi

Bugun, 11 oktabr kuni, Senatning 23-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda qator qonunlar, vazirliklarning hisobotlari tinglanmoqda. Majlis kun tartibida birinchi masala «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri muhokama etildi. Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muxamet Jumageldiyev ushbu huquqiy hujjatning muhim bandlari haqida axborot berdi.

«Banklar aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Banklar Markaziy bankda davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e'tiboran yuridik shaxs maqomini oladi. Banklar O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini Markaziy bank tomonidan beriladigan, bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) asosida amalga oshiradi. Lisenziya uning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Lisenziyani yoki unga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Banklarni litsenziyalash tartib-taomili quyidagi ikki bosqichdan iborat:

  • Markaziy bank tomonidan bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish
  • bir vaqtning o‘zida litsenziya bergan holda bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Lisenziya berilganligi uchun bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Shuningdek, «Markaziy Bank to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahriri muhokama etildi. Unda mamlakat pul-kredit siyosati, uning instrumentlarini tubdan takomillashtirish va narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan ta'sirini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar asosida inflatsiyaning oldini olish va bunda Markaziy bank faoliyatini tartibga solish mazkur Qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi.

Ikkala qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top