11:27 / 11.10.2019
6
49158

«Xotira mashqi». Yamanni «yomon qilganimiz» haqida

Abramov har qancha kamtarlik qilib, xatolar haqida gapirmasin, kechagi o‘yin har qanday murabbiy uchun ideal kechdi, deb aytish mumkin va ishonamanki, aslida Karlenich ham o‘zini zo‘rg‘a bosib turibdi. Yirik hisobda g‘alaba qozonildi. Darvoza daxlsizligi saqlandi. Raqib atigi bir marta aniq zarba berdi. Biror marta burchak to‘pi tepmadi hatto.

Tezkor gol urildi. Tarkibga yangi qo‘shilgan futbolchi hisobni ochdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchi ham gol urdi. Golni bosh bilan ham urdik, standart vaziyatlardan ham urdik, uzoq masofadan zarba bilan ham, kombinatsion o‘yin natijasida ham raqib darvozasi ishg‘ol qilindi. Har qanday murabbiy uchun ideal ssenariy va natija. Xo‘sh, Abramov nimani o‘zgartirdi va u nima bilan maqtanishi mumkin aslida? Keling shu haqida gaplashamiz.

Futbolda «skill» (skill) degan termin bor. Masalan, bir futbolchining qobiliyatlari majmuasini anglatadi. U boshi bilan qanday o‘ynaydi, zarbasi qanaqa, texnikasi, jismoniy ko‘rsatkichlari, bo‘yi, qaysi oyoqda qanday tepadi, paslari – umuman maydonda kerak bo‘ladigan mana shu harakatlarni bajara olishiga qarab uning «skill»iga baho berish mumkin. O‘zbekcha qilib, «mahorat» desa ham bo‘ladi. Murabbiyning vazifasi maydondagi 11 futbolchining u yoki bu mahoratidan kelib chiqib, tarkibni va vazifalarni aniqlash. Maqsad shuki, 11 futbolchining «skill»lari jamlanmasidan jamoaning umumiy qobiliyati maksimum darajaga chiqishi kerak. Xo‘sh, qisqa muddatda, natija ham muhim bo‘lib turgan paytda, mana shu maqsadga erishishning eng qisqa yo‘li qaysi? Bu ikkinchi savol.

David Vilyani eslasangiz kerak. Jahon va Yevropa chempioni. «Barselona»ga o‘tgach ham, uning faoliyati yomon kechmadi. Chempionlar Ligasi finalida gol urganining o‘ziyoq hammasini aytib turibdi. Lekin savol tug‘iladi, Vilya «Barselona»da bor mahoratini namoyish qila olganmi? Nega biz Vilya deganda, avvalo Ispaniya terma jamoasi libosini, keyin esa, «Valensiya»ni eslaymiz? Bu haqida bir paytlar rus sharhlovchilari ham munozara qilishganda, Yuriy Rozanov juda qiziq fikr aytgandi. U Vilyaning «Barselona»da to‘liq ochilmaganini isbotlar ekan, sherigiga savol berdi:

- Xo‘p, Ispaniya terma jamoasida Vilya zo‘rmi yoki Pedro?

- Albatta, Vilya.

- «Barselona»da-chi?

Sherigi «Pedro» deb yuborishiga sal qolgandi. Aytmasa ham, hammasi tushunarli edi, albatta, «Barselona»da Pedro kuchliroq ko‘rinardi. Xo‘p, hech bo‘lmasa aytish mumkinki, bu savolga javob xuddi Ispaniya terma jamoasi kabi aniq emas, «Pedro yaxshiroq» deydiganlar chiqadi «Barselona» uchun, to‘g‘rimi?

«Skill» borasida Vilya Pedrodan kuchliroq, bunga aminman. Lekin Pedroning «Barselona»dagi foydalilik darajasini oshiradigan, uning «skillari»ni samaraliroq qiladigan muhim jihatlar bor. Birinchidan, Pedro – «La Masiya» tarbiyalanuvchisi, jamoa o‘yin uslubida o‘sgan. Ikkinchidan, tarkibdagi futbolchilar bilan tushunish darajasi yuqoriroq, bog‘lamlar shakllangan.

Demak shunday xulosaga kelamizki, bir futbolchidan samaraliroq foydalanish uchun, «skill»dan tashqari, futbolchining uslubga mosligi, shuningdek, jamoadoshlar bilan bog‘lamlari, tushunish darajasi ham ahamiyat kasb etar ekan.

Endi o‘yindan oldingi Abramov bo‘lib ko‘ramiz. Futbolchilar ma'lum, ularning mahorat va tajribasi haqida ma'lumot bor. Ularning «skill»larini oshirish uchun qilinishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlarga vaqt yo‘q. Ulardan foydalanish uchun mos uslub va taktika uchun ham ko‘p vaqt ketadi. Nima qilish mumkin?

Aslida Abramovning Kuperga nisbatan o‘yinga bo‘lgan qarashi, falsafasi butunlay teskari bo‘lsa-da, kecha murabbiy hech narsani tubdan o‘zgartirishga kirishmadi. Bu tushunmovchiliklarni ko‘paytirar, «perezagruzka» o‘yinga salbiy ta'sir qilib, hatto natija ham risk ostida qolishi mumkin edi. 

Abramov boshqa yo‘l tanladi. Samarani oshirish uchun tarixdan foydalandi. Eski, ishlangan, balki unutilgan, ammo qayta jonlantirsa bo‘ladigan yoki shundog‘am ishlab turgan bog‘lamlarni o‘yinga ko‘chirishga qaror qildi. Alijonov Hamdamov bilan «Paxtakor»da o‘ynab yuribdi, narigi qanotda Sayfiyev – Masharipov juftligi haqida ham shunday deyish mumkin. Oldingi chiziqdagi  Hamdamov bilan Shomurodov ham yetarlicha vaqt mobaynida «Bunyodkor»da sherik bo‘lishgan. Eng asosiy pozitsiyaga Jamshid Iskanderov tanlanganini ham endi tushungandirsiz? Ahmedovning biroz formada emasligi natijasida, jamoaning asosiy bog‘lovchisi sifatida Iskanderov tanlandi, Quvondiq Ro‘ziyev yoki Odil Hamrobekov emas. Chunki Jamshid har ikki qanotdagi «paxtakorchilar»ga ham begona emas, uning deyarli barcha yoshdagi terma jamoalarida to‘p surib ulgurgani tufayli, maydondagi har qanday futbolchi bilan o‘z tarixi bor. Qanotlarda amalga oshirilgan «uchburchak»lar aynan Iskanderovning faolligi evaziga yaratilganiga e'tibor berishingiz mumkin.

Ayniqsa, birinchi bo‘limda Shukurovning o‘yini qovushmaganini ham shunday izohlash mumkin. Ma'lumki, Otabek - tizim futbolchisi. Taktikalar, uslublar, tizimlarning poydevori bo‘la oladi, umuman o‘yin uning ustiga quriladi. Eslasangiz, Kuper jamoasida ham Shukurov aynan Osiyo Kubogida eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatgan. Sababi, Osiyo Kubogi uchun alohida tayyorlanilgan, murabbiyning ko‘rsatmalari va uslubining shakllanishi maromiga yetgan – bunday tizimli futbolda Shukurov asosiy figura bo‘lishi aniq edi. To‘pni nazorat qilish, paslar, unga uzatilgan paslar va yana juda ko‘p ko‘rsatkichlarda Shukurov terma jamoa yetakchisi edi, o‘yin aynan uning atrofida va yordamida qurilardi. Ertaga, jamoa to‘liq Abramovniki bo‘lganida, o‘yin Abramovning falsafasi, uslubi, taktikasi va ko‘rsatmalari asosida qurilib, to‘liq shakllanganida, yana Shukurov katta sahnaga chiqishi aniq. Kecha esa, yuqorida aytganimdek, o‘yin ma'lum bir uslubga, konkret bir tizimga tayanilmagandi, poydevor aynan «bekraund»dan, eski bog‘lamlardan tashkil etilgandi. 

Umuman, ko‘pincha murabbiy almashganda shunday bo‘ladi. Eski murabbiy ma'lum bir tizimni allaqachon ishlab chiqqan, aynan shu tizimga mos «skill»ga ega bo‘lgan futbolchilar tanlanib, jamoa qurilgan bo‘ladi. Agar tizim va taktika ish bermaslikni boshlasa, har bir futbolchining «skill»i tushib ketadi. Jamoaning umumiy mahorati, saviyasiga putur yetadi. Tabiiyki, hech qaysi murabbiy o‘z qarashlarini tubdan o‘zgartirishga qodir emas, uning vaziyatni o‘nglash uchun qo‘llagan yechimlari ham, aynan eski poydevor ustida amalga oshiriladi. Tarkibda kimnidir almashtirishi yoki qandaydir motivatsiya berishi mumkin, xolos. Va iste'fo.

Yangi murabbiy uchun esa, bu oson vaziyat aslida. Eng muhimi, u shoshilmasligi, vaziyatning «oyog‘ini osmondan qilib» yubormasa bo‘ldi. Bunday vaziyatda aynan mahalliy murabbiy tanlanishi ham foydali, chunki Abramov har bir o‘zbek futbolchisining nafaqat qobiliyati, balki tarixidan ham, kim kim bilan yaxshi tandem bo‘la olishidan ham xabardor. Chetdan kelganda, qisqa muddatda barcha ma'lumotlarga ega bo‘lish imkonsizdir. Shuning uchun, Yevropa klublarida ham, murabbiy iste'foga chiqqach, vaqtincha o‘sha shtabdan yoki futbolchilardan kimdir vaziyatni qo‘lga oladi. Qisqa muddatda jamoa muhitini va natijalarini ijobiy tomonga burish uchun eng samarali yo‘l shu.

Kechagi o‘yindagi g‘alaba ko‘proq futbolchilarniki. Aynan Yamanga qarshi yoki umuman mana shu palla uchun murabbiyning chizgilari bo‘lishi imkonsiz. Abramovning yutug‘i esa, u shu nozik vaziyatni juda to‘g‘ri his qila oldi. Tarkibni to‘g‘ri tanladi va futbolchilarga halaqit qilmaslikning uddasidan chiqdi. Bu ham murabbiy g‘alabasi, aslida.

Qahramon Aslanov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top