18:39 / 12.10.2019
0
29625

Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasi miqdori yana «0» qiymatga tushdi

Energetika tizimida amalga oshirilayotgan O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligi ko‘pchilikka ma'lum. Ammo 40 yildirki, Afg‘oniston notinch mamlakat sifatida tilga olinadi. Energetika borasidagi hamkorlik Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasini eksport qilish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valutasi oqimini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

O‘zimizdagi elektr ta'minotidagi uzilishlar bo‘layotgan bir paytda energiya eksportidan ne naf, degan fikrlar ham ayrim iste'molchilarimiz tomonidan bildirilayotgani bugungi kun haqiqati. Bu borada energetika tizimi mutaxassislari, hatto xorijiy ekspertlar ham o‘z fikrlarini bayon etishdi. Xulosa aniq: turli nosozliklar tufayli yoki simyog‘och va uskunalarni yangisiga almashtirishda (modernizatsiya dasturi) sodir bo‘ladigan uzilishlar energiya eksportiga bog‘liq emasligi endi ko‘pchilikka ma'lum. Bu borada iste'molchilar bilan bevosita ishlaydigan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari jamoatchilik orasida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Bir muddat muqaddam, 15-16 sentabr kunlari Afg‘onistondagi magistral elektr uzatish tarmoqlari (bir nechta tarmoq ustunlari) jangarilar tomonidan portlatilgani haqida xabarlar xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida tarqalgan edi. 14 sentabr soat 14:00dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y berib, bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekanligi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Axborot xizmati tomonidan ma'lum qilindi.

24 sentabr kuni soat 17:00 lar atrofida uzatish quvvatida qisqa muddatli uzilishlar paydo bo‘lib, taxminan 17:40 larda tarmoqda yana yuklama paydo bo‘lgani, ammo oradan yarim soat vaqt o‘tgach, mavjud quvvat darajasi me'yordagidan qariyb 4,5 marta pasayib ketgani xabar qilingan edi. Bu voqea-hodisa Jamiyatning eksport salohiyatini pasaytirib yuborayotganiga xavotir bildirgan holda yuzaga kelgan nosozliklar afg‘on energetiklari — “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) tomonidan tez orada bartaraf qilinib, energiya eksporti belgilangan tartibga muvofiq davom ettirilishiga umid bildirilgan edi.

9 oktabr, tungi soat 01:40 da Afg‘oniston Islom Respublikasiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining miqdori 0 (nol) darajaga tushib ketdi. “Da Afghanistan Breshna Sherkat” mutasaddilaridan olingan ma'lumotlarga qaraganda, tabiiy ofat oqibatida Salang dovonidan o‘tuvchi “Puli-Xumri” va “Chimtala” podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kVli havo liniyasining 386-tayanch ustuniga zarar yetgan. O‘sha kuni tongda,  soat 09:56 da eksport faqatgina Mozori Sharif yo‘nalishi bo‘yicha tiklandi va bu umumiy eksport qiymatining 10–13% ni tashkil etdi. Xorij matbuotida esa nosozliklarga jangovar harakatlar sabab bo‘layotgani aytildi. Afg‘onistonda to‘liq tafsilotlari ayon bo‘lmagan jangovar harakatlar tufayli nosoz holga kelgan ustunlar 3-4 kun ichida ta'mirlanishi afg‘onistonlik energetiklar tomonidan va'da qilingan.

11 oktabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo elektr energiyasi Muvofiqlashtiruvchi Kengashining 32-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston Islom Respublikasi kuzatuvchi maqomida qatnashdi. Kengashda ishtirok etgan “Da Afghanistan Breshna Sherkat” vakillari Muhammad Salim Salimiy va Muhammad Omon Spar magistral elektr havo liniyalaridagi uzilishlarga tabiiy ofat (qor va loy ko‘chkisi) sabab bo‘lganini aytish bilan birga afg‘on tuprog‘ida radikal kuchlar o‘rtasida jangovar harakatlar soha ish tartibiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ham inkor etishmadi.

12 oktabr soat 8:55 da Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilinayotgan elektr energiyasi miqdori yana «0» (nol) qiymatga tushdi. Bunga qadar yetkazib berilayotgan elektr energiyasi quvvati 270 MVtni tashkil qilgan edi. “Da Afghanistan Breshna Sherkat” mutaxassislarining bergan tezkor ma'lumotlariga ko‘ra, eksport to‘xtashiga «Puli-Xumri» va «Chimtala» podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kV havo elektr uzatish tarmog‘idagi favqulodda o‘chish holati sabab bo‘lgan. Soat 11:37 da nosozlik bartaraf etilib, eksport qiymati tiklandi. Ammo bu shartnomada ko‘rsatilgan daraja to‘liq tiklandi, degani emas.

“O‘zbekiston MET” AJ ma'muriyati Afg‘oniston hukumati zarur choralarni ko‘rib, mavjud muammolarni bartaraf etadi va qo‘shni mamlakat sanoati, tibbiy muassasalari, aloqa, ta'lim va madaniyatida, umuman olganda, elektr energiya bilan chambarchas bog‘liq barcha jabhalarida barqarorlik davom etishiga umid qilmoqda.

Abror Zohidov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top