13:02 / 12.10.2019
3
87289

«Bomba parchalari otamning yuragiga tushdi, onam esa qamoqda». Iroqdan qaytarilgan bolalar bilan suhbat

10 oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Iroqdan olib kelingan 64 nafar bola kutib olindi. Kun.uz muxbiri tadbirda qatnashgan mansabdor shaxslar va din peshvolaridan ushbu insonparvarlik operatsiyasining ahamiyati haqida fikr oldi.

Nuriddin domla Xoliqnazarov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi:

– Alloh Haq subhanaqu va taologa shukronalarimiz bo‘lsinki, bugun yurtimizda yana bir savobli amal bajarildi. Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda Iroq davlatidan sarson-sargardonlikda yurgan vatanimizning 64 nafar farzandi yurtimizga qaytarildi.

Bu – dinimiz nuqtai nazaridan olib qaralganda juda ham katta savobli ishdir. Chunki, murg‘ak qalblarni jamiyatda yurtiga, vataniga foydali inson qilib tarbiyalash eng katta savoblardandir. Ularning taqdiriga ota-onalari ham sabab bo‘ldi. Ular farzandlarini shunday tinch yurtda bo‘la turib noto‘g‘ri yo‘lda farzandlarining taqdirini, baxtini qurbon qilishdi.

«Mehr-2» operatsiyasi orqali bu bolalar yurtga qaytarib kelindi. Oldimizda turgan vazifa shuki, bu farzandlarimiz unib o‘sishlari uchun hammamiz mas'ul bo‘lib ularni tarbiya qilmoqligimizdir. Bu xalqimizda qadimdan kechirimlilik, bag‘rikenglik nishonasidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning bir so‘zlari bor. Ul zot minbarda turib aytgan ekanlarki, «sizlar kechiringlar, shunda sizlar ham kechirilasizlar. Rahm qilinglar, sizlar ham rahm qilinasizlar. Kechiringlar, Alloh ham sizlarni kechiradi». Kechirimlilik dinimizda eng asosiy tamoyillardan biridir.

Azizlar, bu farzandlar Alloh tomonidan berilgan omonat edi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): «Sizlar hammangiz oila boshlig‘isiz. Farzandlaringizga Qiyomatda javob berasizlar». Hech kim hech qachon farzandini bunday taxlikaga qo‘yishga haqqi yo‘q.

Shundan so‘ng, yig‘ilganlar bilan 64 nafar bolalarni olib kelgan Boeing-757-23P samolyotini kutib olishga chiqdik. Bolalar maxsus tibbiy kuzatuvchilar bilan samolyotdan olib tushildi va kutish zaliga olib kirildi. Biz ularning boshdan kechirganlarini bilish maqsadida suhbatda bo‘ldik.

«Yoshim 10da. Iroqda 3 yil bo‘ldik. Men ko‘p ham tashqariga chiqmaganman. U yerdaligimizda qamoqda yashadik. Onam yonimda edi. Otam esa vafot etgan. U bomba tushganida parchalari yuragiga tushdi va vafot etdi. Onam ayni vaqtda qamoqda. U yerda bizga ovqatlar berishdi, lekin umuman tashqariga chiqarishmadi. Bu yerga kelganimizdan xursandmiz. Bu yerda qarindoshlarimiz bor. Ularning oldiga boramiz», – deydi 10 yoshli bolakay.

«Men O‘zbekistonda ko‘p bo‘lmaganim tufayli o‘zbek tilini yaxshi bilmayman. Men Bekobodni, Toshkentni bilaman. Bu yerlar juda chiroyli. Bu yerdagi enam, xolalarimni ko‘rishni xohlardim», – deydi yana bir qizaloq.

Biz bu vaqtda bolalarning vatanimizga qaytishiga amaliy ko‘mak bergan Iroqning «Justice gate» nodavlat tashkiloti prezidenti Firaz Al-Bayati bilan ham suhbatlashdik.

«Biz ushbu mas'uliyatli vazifani O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirdik. Ma'lumki, O‘zbekistonning Bag‘dodda elchixonasi yo‘q. Shu sababdan mamlakatning Kuvaytdagi vakolatxonasi rahbari elchi janoblarining shaxsan o‘zi Bag‘dodga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik bolalarni vatanga qaytarish bo‘yicha rasmiy murojaat qildi.

Biz mazkur sohada faoliyat yurituvchi Iroqdagi yagona tashkilotmiz. Xodimlarimiz yuqori malakaga ega iqtidorli mutaxassislardir. Biz elchixonaning mazkur jarayondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaymiz, shuningdek, YUNISEF ham.

Elchixona vakillari bu ishda qat'iyat ko‘rsatishdi. O‘zbekiston barcha bolalarni vatanga qaytarishga katta ishni amalga oshirmoqda va shu jihatidan davlatingiz boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘la oladi, deb ishonaman. 64 nafar bolani bir guruhda vatanga qaytarish oson ish emas, ammo shukrki biz buning uddasidan chiqdik», – deydi tashkilot rahbari.

Shundan so‘ng, musofir yurtdan maxsus davlat operatsiyasi bilan olib kelingan bu bolalar Chirchiqdagi sog‘lomlashtirish sihatgohiga olib ketildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top