21:17 / 12.10.2019
3
4605
«Daraxt kesilishi holatlarining yarmidan ko‘pi qurilish ishlari bilan bog‘liq» - Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi

11-12 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning 23-yalpi majlisida daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlari senatorlar tomonidan muhokama qilindi. Muhokama doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mazkur masala yuzasidan axboroti tinglandi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorovning bayonotiga ko‘ra, 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 143,560 tup daraxtni kesish bo‘yicha 4909ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlardan 28 foizi (1892tasi), ya'ni 40,992 tup daraxtni kesishga rad javobi berilgan. 39,000 tup daraxtni quriganligi bois, 63,561 tup daraxtni esa qurilish masalalari tufayli kesishga rasmiy ruxsat berilgan.

“Rasmiy ruxsat bilan kesilayotgan daraxtlarning yarmidan ortig‘i qurilish va kommunikatsiya masalalari tufayli kesilmoqda”, — deya ta'kidlaydi Qo‘chqorov.

Bahrom Qo‘chqorov zararlangan degan bahona bilan sog‘lom daraxtlarni ham kesishga ruxsat berilyapti, degan gaplarga munosabat bildirdi.

“Har bir daraxtning holati joyiga borib o‘rganiladi, xodim uni rasmga tushiradi, zararlanganlik darajasini aniqlaydi. Agar shubhasi bo‘lsa, qo‘shimcha tarzda mutaxassis bilan maslahatlashadi. Ruxsat asosida kesilgan har bir daraxt bo‘yicha ma'lumotlar “delo”da jamlanadi. Keyingina ruxsat beriladi”, — deydi qo‘mita raisi.

Bahrom Qo‘chqorovning ma'lumot berishicha, kesilgan daraxtlar o‘rnini to‘ldirish maqsadida bahor-kuz mavsumlarida yangi ko‘chatlar ekish tadbirlari o‘tkaziladi. Xususan, joriy yil kuz mavsumida 14 mln tup, keyingi yil bahor oylarida esa 200 mln tup ko‘chat o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi daraxtlarning zararlanishiga nimalar sabab bo‘layotganini ochiqladi.

“O‘rmon fondiga kirmaydigan hududlardagi daraxtlarni parvarishlash shahar/tuman obodonlashtirish boshqarmalari vazifasiga kiradi. Ammo bu tuzilmalarda daraxt parvarishi bo‘yicha yetarli malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar mavjud emas. Shu bilan birga, moddiy-texnik baza ham yaxshi ahvolda emas. Natijada daraxtlarni butalash, kesishda tartibsizliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu ketishda bor daraxtlarimizdan ham ayrilib qolishimiz hech gap emas”, — deya ta'kidlaydi Bahrom Qo‘chqorov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top