22:38 / 12.10.2019
0
24585
Dunyodagi eng ensiz uy topildi

Tarixan aholining muntazam ko‘payishi va qurilish uchun yerning yetishmasligi shaharlarda uylarning ensiz va baland qurilishiga olib kelgan. Biroq, BoredPanda nashrining yozishicha, dunyodagi eng ensiz uy boshqa sababga ko‘ra qurilgan.

Livan poytaxti Bayrutdagi Al Ba'sa nomi bilan ma'lum bo‘lgan ushbu uy dengiz sohilidagi bir parcha yerda qad rostlagan. U eng enli joyida 4 metrgacha, eng ensiz joyida esa bor-yo‘g‘i 60 smga yetadi. Bunday g‘ayrioddiy uyni uka akasiga alamzadalikda qurgan. 

Aka-uka o‘rtasidagi adovat tarixi 1950-yillarda boshlangan. Ularning otasi vafot etganda o‘g‘illari va qizlariga dengiz sohilida kichik yerni meros qilib qoldirgan. Farzandlar unda nima qurish borasida kelisha olishmagan. Vaziyat yerning bir qismini hukumat shahar ehtiyoji uchun tortib olgandan keyin yanada chuqurlashgan. 

Natijada katta o‘g‘ilning uyi va beo‘xshov shakldagi bir parcha yer qolgan. Bu yerda normal bino qurishning iloji bo‘lmagan. Biroq uka akasiga alamzadalikda bu yerda juda ensiz uy qurgan. Uy shundoqqina akaning uyi oldida qad rostlab, dengizga ochiladigan manzarani to‘sib qo‘ygan. Buning oqibatida akaning uyi narxi arzonlashib ketgan.

Keyinchalik Al Ba'sa’da boshqa odamlar yashagan, so‘ngra u buzuqxonaga aylangan, urush vaqtida esa unda qochqinlar yashiringan.

Oilaviy adovat ramziga aylangan bu uy hozirda ham qad rostlab turibdi. Shahar rahbariyatining ta'kidlashicha, uni buzib tashlashdan ma'no yo‘q, chunki bo‘shagan yerda tayinli narsa qurib bo‘lmaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top