10:49 / 12.10.2019
0
2448
O‘zbekistonda grantlardan samarali foydalanish tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 

Quyidagilar grantlardan samarali foydalanish kompleks tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni birgalikda amalga oshirish va natijadorligini baholash, aniq sohalarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda ushbu sektorlardagi tartib-taomillarni uyg‘unlashtirish va sa'y-harakatlarni birlashtirish masalalari yuzasidan donorlar bilan doimiy muloqotning barqaror platformasini shakllantirish;

iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga grantlarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, donorlik salohiyatiga ega bo‘lgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro yaqin aloqalar o‘rnatish;

tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishda jalb etilayotgan grantlarning mamlakat manfaatlari va milliy ustuvorliklar bilan uyg‘unligini ta'minlash;

grantlarni jalb etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil qilish uchun davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda mansabdor shaxslarining shaxsiy mas'uliyatini oshirish, grantlardan maqsadsiz foydalanishning oldini olish bo‘yicha davlat moliya nazorati organlarining profilaktika ishlarini kuchaytirish;

grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning muddatlariga rioya qilish va kutilayotgan amaliy natijalarga erishish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda parlamentning hamda fuqarolik jamiyati institutlari rolini, shuningdek, fuqarolarning ishtirokini kengaytirish;

jalb etilayotgan grantlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona axborot tizimini tashkil qilish, tashqi beg‘araz ko‘mak yo‘nalishlarini va qo‘llanish sohalarini tahlil qilish usullarini avtomatlashtirgan holda, ushbu loyihalarni elektron hisobga olish va hisobini yuritish uchun shart-sharoitlar yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi grantlar hisobidan moliyalashtirish taklif etilayotgan loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish, dastlabki saralash va kelishish jarayonlarini muvofiqlashtirish, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini hisobga olish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilishni ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida takliflar ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Belgilanishicha:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bir loyiha bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollari va undan ko‘proq bo‘lgan grantlarni Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish va donorlar bilan hamkorlik qilish dasturlariga kiritgan holda jalb etadi;

Dasturlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat dasturlarini, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarni, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarini, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish dasturlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini hisobga olgan holda Vazirlik tomonidan shakllantiriladi;

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan birgalikda tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy donorlarni jalb etishda Vazirlik, loyiha tashabbuskorlari, tarmoqlar va hududlarga yordam beradi;

loyiha tashabbuskorlari o‘zlariga taalluqli qismida tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarining o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, ularning Dasturlarga kiritilishi uchun taqdim etilishi, loyiha hujjatlari sifatli tayyorlanishi, shuningdek, grantlar to‘liq hajmda va o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi uchun barcha tadbirlarning so‘zsiz va sifatli bajarilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda loyiha tashabbuskorlari tomonidan grantlarni jalb etish to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni (majburiy to‘lovlarni to‘lash, ruxsatnoma beruvchi tartib-taomillardan o‘tish, tovarlarni tashish, kuzatish va saqlash, uskunalarni montaj qilish, sozlash, yig‘ish, o‘rnatish hamda loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar) qoplash uchun mablag‘larni nazarda tutadi va ularning o‘z vaqtida ajratilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi grantlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish yuzasidan tizimli choralarni ko‘radi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top