12:52 / 12.10.2019
8
15008
«O‘zbekistonda partiyalarning ishini jurnalist va blogerlar qilyapti» - Tanzila Norboyeva
Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda siyosiy partiyalar qilishi kerak bo‘lgan ishlarni jurnalistlar va blogerlar qilyapti, deb ta'kidladi Tanzila Norboyeva Senatning 23-yalpi majlisida.

11-12 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan Senatning 23-yalpi majlisi kun tartibiga ko‘ra, mamlakatda daraxt va butalarning noqonuniy kesilish holatlari senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva bu masalada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini qoniqarsiz deb baholadi.

“Daraxtlarning kesilishini nazorat qiluvchi asosiy davlat idorasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hisoblanadi. Ammo ularning faoliyatida sustkashlik bor, deb hisoblaymiz. Ekologiya muhofazasi bo‘yicha xalqaro tajribalardan nimalarni o‘zlashtirish kerak, qonunchilikka qanday o‘zgartirishlar kerak degan savollarga cho‘zmasdan, tezroq yechim topish kerak”, — deya ta'kidlaydi Senat raisi.

Tanzila Norboyevaga ko‘ra, qurilishlar uchun yer ajratish tartibi ham daraxtlarning kesilishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda:

“Yer berishda muammolar bo‘lyapti. Yerni olgan odam qurilish qiladi. Lekin ajratilgan hududdagi daraxtlar bo‘yicha hech qanday mas'uliyat yo‘q. Yerni olgan odam daraxtni boshqa joyga olib borib ekadimi yoki unga zarar yetmaydigan tarzda ihotalab qo‘yadimi, hech qanday tartib belgilanmagan. Bu esa xalqning tabiiy e'tiroziga sabab bo‘lyapti", — dedi u.

Senat raisi xalq muammolarini aniqlashda hukumat idoralari va siyosiy partiyalar o‘rtasida hamkorlik qoniqarli emasligini tanqid qildi.  

“Aslida xalqni qiynayotgan muammoni siyosiy partiyalar olib chiqishi kerak. Ammo bu ish bilan hozir faqat ommaviy axborot vositalari va blogerlar shug‘ullanyapti. Partiyalar faoliyatida sustkashlik bor”, — deya qayd etdi Norboyeva.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top