13:06 / 12.10.2019
0
20576

Toshkent shahrining bosh rejasi kechikayotganiga izoh berildi

Foto: LiveJournal

Toshkent shahrining bosh rejasi 2020 yilda taqdim etilishi kutilyapti. Bu haqda shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Senat yalpi majlisida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Toshkent shahrining bosh rejasi 2013 yilda ishlab chiqilgan, ammo u paytda tasdiqlanmagan. O‘tgan yili ko‘rib chiqqanimizda, bu bosh reja hozirgi kunga to‘g‘ri kelmasligi ma'lum bo‘lgandi.

Shu sababli biz bu yil Turkiya kompaniyasini jalb qilgan holda konsepsiyasini ishlab chiqdik, tasdiqladik va rahbarga ko‘rsatdik”, – dedi Hidoyatov.

Davron Hidoyatov

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda turkiyalik mutaxassislar Toshkent bosh rejasi ustidagi ishlarni davom ettirmoqda, bosh reja ulardan keyingi yil qabul qilib olinadi.

“Bilasiz, bosh reja bir kunda qilinadigan ish emas. Ba'zi shaharlarda, masalan Qozon yoki Moskvada [bosh rejani ishlab chiqish uchun] 5 yildan 8 yilgacha vaqt ketgan paytlari ham bo‘lgan.

Kelayotgan 2020 yilga biz grafik bo‘yicha ulardan qabul qilib olib, jamoatchilik va rahbarimizga taqdim etamiz”, – dedi poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2018 yil avgust oyidagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahar hokimi 2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini taqdim etishi kerak edi.

Shuningdek, yuqoridagi farmon bilan shahar hokimiga 2019 yil 1 dekabrgacha tasdiqlangan bosh reja konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish haqida topshiriq berilgandi.

Amalda har ikkala topshiriq ham belgilangan muddatda bajarilmadi. 2019 yil 1 yanvargacha taqdim etilishi buyurilgan konsepsiya avvaliga aprel oyida taqdim qilinishi e'lon qilindi, keyinroq esa may oyida tayyor bo‘lishi aytildi.

«Toshkent shahar bosh rejasi [konsepsiyasi] 20 may kuni taqdim etiladi», degandi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aprel oyi boshida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top