11:40 / 12.10.2019
3
62720

Vodiy viloyatlarining 2ta shahri va 5ta tumani chegaralari o‘zgartirildi

Foto: KUN.UZ

Namangan viloyatining Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on va Namangan tumanlari, Andijon viloyatining esa Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 12 oktabr kuni Senat yalpi majlisida Andijon viloyatining Bo‘z tumani nomini Bo‘ston etib o‘zgartirish bo‘yicha ham qaror qabul qilingan.

Masala yuzasidan senator Rasuljon Boymatov hamda Namangan va Andijon viloyatlari hokimlari so‘zga chiqdi. Ta'kidlanishicha, tumanlar chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar prezidentning shu yil mart oyida Namangan viloyatiga, may oyida esa Andijon viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.

Qisqacha aytganda, o‘zgarishlarga muvofiq Namangan shahri tarkibiga To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining jami 3,5 ming gektardan ortiq yer maydoni qo‘shib berildi.

Xonobod shahri esa Qo‘rg‘ontepa tumani hududidagi to‘rtta mavzening jami 1,2 ming gektardan ortiq yer maydoni hisobiga kengaytirildi.

Namangan shahri hududi kengaydi

Namangan shahrining markaziy qismi va asosiy ko‘chalari shaharning “Bosh rejasi”ga asosan qayta qurilishi natijasida keyingi yillarda shaharga tutash bo‘lgan qo‘shni tumanlar hududlaridan, ya'ni Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hududlaridan jami 1.039 gektar yer maydonlariga shahar markazida uy-joylari buzilishga tushgan aholi uchun yangi turar-joy mavzelarini barpo etish uchun ajratib berildi.

Mazkur hududlardagi aholi va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ma'muriy boshqaruv tizimi bo‘yicha Namangan shahriga bo‘ysunuvchi bo‘lgani holda, yer maydonlari hozirga qadar tumanlar hududiga tegishlidir.

Bu esa o‘z navbatida kommunal xizmatlar ko‘rsatish, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘llar va kommunikatsiyalarni qurilishida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, taklif etilayotgan o‘zgarish natijasida Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholiga qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan shahar hududiga o‘tkazilayotgan yer maydonlarida yangi turar-joy komplekslari, ijtimoiy va madaniy-maishiy obektlar, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari qurilishi hamda muhandislik kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.

Shu sababli, Namangan shahri tarkibiga To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining jami 3.665 gektar yer maydonini Namangan shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Namangan viloyati hokimi, senator Xayrulla Bozorov:

– Bugun muhokama qilinayotgan Namangan shahriga qo‘shiladigan yerlarda xatlov ishlari amalga oshirildi va chegaralarga aniqlik kiritildi.

Xatlov natijasiga ko‘ra, Namangan tumanidan 2592 gektar, Kosonsoy tumanidan 528 gektar, To‘raqo‘rg‘on tumanidan 183 gektar va Yangiqo‘rg‘on tumanidan 362 gektar – jami 3665 gektar yer maydonlari Namangan shahri hududiga qo‘shish mumkinligi aniqlandi.

Namangan shahriga mazkur tuman hududlaridan yer maydoni qo‘shib berilishi birinchi navbatda Namangan shahri aholisini turmush tarzini yaxshilash va kelgusida har tomonlama qulay ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylaymiz.

Bundan tashqari, ushbu hududda ijtimoiy soha obektlari – maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari qurilishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, shuningdek hududlarni maqbullashtirish natijasida barcha resurslardan oqilona foydalanish, boshqaruv xarajatlarini kamaytirilishga imkon beradi.

Hech shubhasiz, yalpi majlis muhokamasiga kiritilgan masalaning ijobiy hal etilishi Namangan shahriga qo‘shilayotgan hudud aholisining ham ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal etilishiga xizmat qiladi.

Xonobod shahri hududi kengaydi

Andijon viloyatining Xonobod shahriga 1972 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 41 ming kishini, umumiy yer maydoni 23 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda Xonobod shahri hududi kichikligi sababli, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini barpo etishga yetarlicha imkon berilmayapti.

Shu bois, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi to‘rtta – “Sultonobod”, Xonobod”, “Sh.Rashidov” va “Avazmatov” mavzelarida joylashgan jami 1.284 gektar yer maydonini Xonobod shahri tarkibiga o‘tkazilishi shahar aholisiga qulay sharoitlar yaratishga hamda shaharning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshishiga xizmat qiladi.

Jumladan, Xonobod shahriga o‘tkazilayotgan yer maydonlarining 492 gektarida dam olish maskanlari, mehmonxonalar va kempinglar, 21 gektarida sport inshootlari, 145 gektarida ishlab chiqarish korxonalari hamda 284 gektarida boshqa zarur muhandislik obektlari, shuningdek 267 gektarida bog‘lar va zamonaviy issiqxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Andijon viloyati hokimi, senator Shuhrat Abdurahmonov: 

– Andijon viloyatining Xonobod shahri dastlab tashkil etilganda aholi soni dastlab 21,5 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, yildan yilga ortib, bugungi kunda 41 ming nafarni tashkil etmoqda.

Xonobod shahrida barcha kommunikatsiya tarmoqlarining mavjudligi, ishlab chiqarish hamda turistik salohiyatga ega ekanligi sababli mahalliy hamda xorijiy investorlar tomonidan mazkur hududga qiziqish ortib, yer ajratish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda.

Shu sababdan Qo‘rg‘ontepa tumani hududining 1284,6 ga yer maydonini Xonobod shahri tarkibiga o‘tkazish g‘oyasi ilgari surilmoqda. 

Hozirda Qo‘rg‘ontepa tumanidan Xonobod shahriga o‘tkazilayotgan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha “O‘zshaharsozlik LITI” tomonidan Xonobod shahrining Bosh rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Ishlab chiqilgan bosh rejaga asosan 2035 yilga qadar Xonobod shahrida ko‘plab maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari, oromgohlar, mehmonxonalar, kempinglar, sport obektlari, kasalxonalar, poliklinikalar, istirohat bog‘lari, turistik bazalar, dam olish maskanlari, plyajlar, pansionatlar, 20dan ortiq madaniy va maishiy, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish obekti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top