14:30 / 13.10.2019
1
33834

Farg‘ona viloyati paxta topshirish rejasini bajardi, Andijon viloyati marraga yaqinlashmoqda

Farg‘onalik paxtakorlar mamlakatda birinchi bo‘lib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejani bajardi. Viloyatda 12 oktabr holatiga ko‘ra 238 ming 600 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Qo‘shtepa va Rishton tumanlari 15 ish kunida davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasini respublikada birinchi bo‘lib bajargandi. Shuningdek, Toshloq, Furqat, Uchko‘prik, Buvayda tumanlari ham paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shishdi. Bugun, 13 oktabr holatiga ko‘ra davlatga topshirilgan paxta miqdori 239 ming tonnadan ortib ketgan.

Farg‘onaliklar mavsum yakuniga qadar hosildorlikni 34-35 sentnerga yetkazishni rejalashtirgan.

Ayni vaqtda vodiyning yana bir viloyati - Andijon viloyati shartnomaviy rejani bajarish borasida ikkinchi o‘rinda ketmoqda - andijonlik paxtakorlar shu vaqtgacha davlatga 227 ming 102 tonna paxta topshirishgan (94,31 foiz). Uchinchi o‘rinda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi paxtakorlari joylashgan - 159 ming 9 tonna (86,32 foiz).

O‘z navbatida Jizzax (66 ming 80 tonna, 31,68 foiz), Samarqand (60 ming 256 tonna, 29,39 foiz) va Navoiy viloyatlari (21 ming 838 tonna, 23,08 foiz) so‘nggi o‘rinlarda bormoqda.

Respublika bo‘yicha bu mavsumda 2 million 958 ming tonna paxta hosili terib olish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top