09:20 / 13.10.2019
2
116123

Rekord 63 yil. Panjara ortidagi begunohlar

Adolat ramzining ko‘zlari bog‘langan, faqat qonunchilik va qo‘lidagi tarozi pallasiga ko‘ra ish ko‘radi. Ammo hayot har doim ham kitoblardagidek kechmaydi. Insoniyat tarixida millionlab beayb insonlar jazoga tortilganlar, qamalganlar, qatl etilganlar. Bugun e'tiboringizga 30-40 yillab qamoqda o‘tirgach, nihoyat aybsizligi isbotlangan hamda ozodlikka chiqqan odamlar haqida hikoya qilamiz.

Qamoqdagi 18 yillik umr

1996 yilning 31 dekabrida Polshadagi Miloshitse shahrida 15 yashar qizning jasadi zo‘ravonlik alomatlari bilan topiladi. Qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida Tomash Komenda qo‘lga olinadi. Aniq dadillar yo‘qligiga qaramay sud 23 yoshli yigitni 25 yil qamoq jazosiga hukm qiladi.

2017 yilning iyun oyida aynan shu qizning o‘limida ayblanib boshqa gumondor ham qo‘lga olinadi va 2018 yilning 14 martida sud Tomashni oqlaydi. Bu paytga kelib belgilangan 25 yilning 18 yilini panjara ortida o‘tkazgan Komenda juda mashhur bo‘lib ketadi.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy «hech narsa Tomashning iztiroblarini so‘ndira olmaydi. Ammo davlat o‘z adolatini namoyish qilishi lozim. Shu bois men Komendaga maxsus kompensatsiya belgiladim» – deya bayonot beradi.

Xato tufayli 23 yil

2013 yilda AQShda Devid Ranta 23 yillik qamoqdan keyin ozod qilindi. Uni 1991 yilda qotillikda ayblashgandi. O‘shanda qimmatbaho toshlarni olib ketayotgan kurerni o‘marish chog‘ida tasodifiy guvoh bo‘lib qolgan ruhoniy Xaskel Versberger otib tashlanadi. Bu ishda aybdor qilingan va qamalgan, shuncha yil o‘zining beaybligini ta'kidlab kelgan Devid Ranta DNK testlari yordamida begunohligini isbotlashga erishadi.

27 yillik panjara orti

Amerikalik Valentino Dikson 27 yillik qamoqdan keyin ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha mash'um kechada Valentino ham ishtirok etgan, ammo janjal boshlanishidan oldinroq ketgandi. Mojaro ortidan 17 yashar o‘smir otib tashlandi va bunda Dikson ayblandi. Valentino muqaddam narkotik moddalar saqlagani uchun sudlangani, qolaversa, jinoyat quroli bo‘lgan pistolet aynan unga tegishli bo‘lgani o‘z ishini qildi. Sud Diksonni 39 yillik qamoq jazosiga hukm etdi.

Ishga qiziqqan huquqshunos talabalar o‘z surishtiruvlarini o‘tkazishadi va o‘sha kecha aslida Lamar Skott ismli shaxs o‘q uzganini aniqlashadi. Bu paytga kelib Skott ham boshqa jinoyat uchun qamoqda edi. U 27 yil avvalgi jinoyatni zimmasiga oldi va Dikson ozodlikka chiqdi. Ozodlikka chiqqanida uning qizi ulg‘aygan va ikki nabirasi tug‘ilgandi.

Birovning aybi uchun 33 yil...

Harbiy dengiz kuchlari zobiti Kit Allen Garvard 1982 yilda Jyessi Perronning o‘limi va uning xotini zo‘rlanishiga oid jinoyatda aybdor deb topilib, umrbod qamoqqa hukm qilinadi. Ammo 2016 yilda o‘tkazilgan qayta sudlovda Kitning begunohligi, asl jinoyatchi boshqa shaxs ekanligi isbotlanadi. Faqat oradan 33 yildan ko‘proq vaqt o‘tgandi...

38 yildan keyin o‘tkazilgan DNK testi

Kaliforniyalik 70 yoshli Kreyg Kouli 38 yillik qamoq jazosidan keyin ozodlikka chiqdi. U o‘zining mahbubasini o‘g‘li bilan birga o‘ldirganlikda ayblanib, qamalib ketgandi.

1978 yilda 24 yoshli Ronda Vixt va uning 4 yashar o‘g‘li Donaldning jasadlari topiladi. Darhol bundan bir muddat oldinroq ushbu ayol bilan ajrashgan erkak Richard Kouli asosiy gumondorga aylanadi. 1980 yilda sud Kolini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Ammo oradan 38 yil o‘tganidan keyin DNK testlari uning beaybligini ko‘rsatdi. Kliforniyaning Simi-Velli shahri ma'muriyati Kouliga 21 mln. dollar miqdorida kompensatsiya to‘ladi.

46 yillik begunohlik. Ammo bu ham rekord emas

Michigan shtati Richard Fillipsga 1,5 mln. dollar to‘lab berdi. Bunga sabab uning deyarli yarim asr – 46 yil davomida qamoqda begunoh saqlangani bo‘ldi.

1971 yilda Fillipsni qotillikda ayblashgan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilishgan. Keyinchalik, yillar o‘tib u qotillik qilmagani, asosiy guvoh unga qarshi yolg‘on ko‘rsatma bergani ma'lum bo‘ladi. Bu bo‘yicha ish olib borgan huquqshunoslar ishni qayta sudga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishadi va Richard oqlanadi. Qamoqdaligida tasviriy san'atga qiziqqan Fillips «menga kompensatsiya to‘lash to‘lamasliklaridan qat'i nazar baxtiyorman» deya bayonot bergan. Ta'kidlash kerakki, uning suratlari minglab dollarga sotilgan.

48 yildan keyingi ozodlik

Yaponiyaning Sidzuoka prefekturasi Ivao Xakamadani 48 yillik qamoqdan so‘ng ozod qildi. U bu muddatning 34 yilini qatl qilinuvchilar kamerasida o‘tkazgan va 2011 yilda o‘z qatlini eng uzoq kutgan mahkum sifatida Ginness rekordlar kitobiga kirgandi.

1936 yilning 10 martida tug‘ilgan Ivao bokschi bo‘lgan va ringda tuzukkina natijalarga erishgan. Bokschilikni tugatganidan so‘ng u mahalliy korxonada ishlay boshlagan. 1966 yilning 30 iyunida u fabrika rahbarlarining uyi yonganida yong‘inni o‘chirishda ishtirok etadi. Yong‘in o‘chirilganida esa uyda uy egasi, ayoli va ikki farzandining jasadi topilgan, shuningdek 200 ming iyen pul o‘g‘irlangan.

Xakamada 1968 yilning sentyabrida osish orqali qatl etilishga hukm qilinadi. 1980 yilda ishni qayta ko‘rgan Oliy sud ham hukmni o‘z kuchida qoldiradi.

2007 yilda hukm chiqargan uch sudyaning biri Norimiti Kumamoto uning aybsizligini bildirib, bu borada o‘z hamkasblarini ishontira olmaganini aytgan. 2012 yilda Sidzuoka sudi DNK testlari natijasida voqea joyida topilgan va asosiy dalil bo‘lgan kiyimlardagi qon dog‘lari Xakamadaga tegishli emasligini e'tirof etib, 78 yoshli mahkumni ozod etgan.

63 yillik mahkum ozodlikdan voz kechdi

79 yoshli mahkum Jozef Ligon esa qamoqda o‘tkazilgan 63 yildan so‘ng muddatdan avval ozodlikka chiqish bo‘yicha taklifni rad etdi. 16 yoshligida u Filadelfiyada ikki erkak o‘ldirilishida ishtirok etgani tufayli umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. AQSh oliy sudi 16 yoshli o‘smir uchun bu jazo juda shafqatsiz va konstitutsiyaga zid ekanligini ta'kidlab, muddatidan oldin ozodlikka chiqish taklifini bergan. Ammo Ligon hech qanday shartlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ozod qilishlarini talab qilgan. Ko‘pchilik bu talabni mahkumning o‘z hayotini ozodlikda tasavvur qila olmasligi bilan izohlagan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top