08:30 / 13.10.2019
0
19200
Senatda uch nafar sudya Oliy sud sudyasi etib saylandi

O‘zbekiston Senatining 23-yalpi majlisida Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Nomzodlari Prezident tomonidan Oliy sud sudyasi lavozimiga taqdim etilgan uch nafar sudya Senat tomonidan tasdiqlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Rohat Ismoilov, Sanobar Mamadaliyeva va Shamsiddin Tojiyev senatorlar o‘rtasidagi ovoz berish jarayonida 10 yil muddatga Oliy sud sudyasi lavozimiga saylangan.

Raxat Ismaylov

Rohat Ismoilov – 1976 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Millati qoraqalpoq. Ma'lumoti oliy. Mutaxassisligi – huquqshunos. 1997 yilda Qoraqalpoq davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan.

Rohat Aminbayevich mehnat faoliyati davomida ijro va sud hokimiyatining turli lavozimlarida ishlagan. 2007-2010 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyasi, 2010-2013 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi raisi, 2013-2014 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudi sudyasi, 2014-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi bo‘lgan, 2018 yil 30 martdan hozirgacha Sudyalar oliy kengashi sudyasi lavozimida ishlab ishlab kelmoqda.

Sanobar Mamadaliyeva

Sanobar Mamadaliyeva – 1962 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy. Mutaxassisligi – huquqshunos. 1986 yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan.

Sanobar Tursunovna uzoq yillar advokatlik va huquqiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan. 2001-2002 yillarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sudyasi, 2002-2013 yillarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi sudyasi lavozimida ishlagan. 2018 yilning 5 martidan hozirgacha Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi sudyasi sifatida mehnat qilib kelmoqda.

Shamsiddin Tojiyev

Shamsiddin Tojiyev – 1979 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy. Mutaxassisligi – huquqshunos. 2001 yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavr bosqichini, 2003 yilda ushbu institutning magistraturasini tamomlagan.

Shamsiddin Mamarejyebovich mehnat faoliyatini Oliy sudda maslahatchi lavozimidan boshlab, Oliy sudning turli lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2008-2013 yillarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tumani sudi sudyasi, 2013-2015 yillarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi bo‘lgan, 2015 yildan hozirgacha Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top