14:06 / 13.10.2019
0
7108
Seuldagi tanlovda g‘olib chiqqan o‘zbekistonlik maktab bitiruvchisi eng nufuzli koreys universitetida o‘qiydigan bo‘ldi
Foto: NewsPim

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 42-maktab bitiruvchisi Azim Bekmirzayev Seulda o‘tkazilgan koreys tilidagi «Notiqlik san'ati» tanlovida g‘olib chiqib, Koreyaning nufuzli universitetlaridan birida grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat yurituvchi Qirol Sejong maktabi o‘quvchilari o‘rtasida an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan notiqlik san'ati tanlovining 2019 yilgi final bosqichi 7 oktabr kuni Koreya milliy muzeyi binosida bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov bergan xabarga ko‘ra, tanlovning final bosqichida AQSh,  Germaniya,  Fransiya, Ispaniya,  Rossiya va Hindiston kabi 12ta davlat vakillari g‘oliblik uchun kurashdi. Qatnashchilarning yoshi chegaralanmagan bo‘lib,  ular «Koreyaning o‘ziga xosligi»,  «Koreya tanlovi» va «Koreya hissiyoti» mavzulari asosida o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar. 

Bundan oldin tanlovning dastlabki bosqichi Qirol Sejong maktabining dunyo bo‘ylab 47ta davlatdagi 113ta filiali o‘quvchilari orasida tashkil etilgan va g‘oliblar aniqlangan. Reglamentga ko‘ra, Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘llanma berish maqsadida, yuqoridagi g‘oliblar bilan qaytadan suhbat o‘tkazilgan va 12 davlatdan ishtirokchilar tanlab olingan. 

Tanlovning O‘zbekistondagi saralashida birinchi o‘rinni olib, hal qiluvchi bosqichga chiqqan Azim Bekmirzayev Seuldagi finalda ham mutlaq g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin AQSh, uchinchi o‘rin Eron vakiliga nasib etdi.

Foto: News1

Belgilanganidek, uch nafar sovrindorga Janubiy Koreyaning top-universitetlaridan birida tahsil olish imkoniyati berildi. Ular quyidagilar: Seul milliy universiteti, Koreya universiteti,  Ko‘kmin universiteti, Busan xalqaro fanlar universiteti, Dongshin universiteti,  Sungkyungkvan universiteti, Sogang universiteti va Evha ayollar universiteti.

Ma'lumot uchun, 19 yoshli Azim Bekmirzayev Toshkentning Shayxontohur tumanida tug‘ilgan. U mazkur tumanda joylashgan 42-maktabning 11-sinfini shu yil tamomladi.  G‘olibga berilgan imtiyozdan foydalangan holda, Azimjon nufuzi bo‘yicha Koreyada birinchi, dunyoda 47-pog‘onada turuvchi Seul milliy universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

Foto: Yonhap News Agency

Bekmirzayev, shuningdek, joriy yilda Koreyaning Asan shahrida joylashgan Soonchunghyang universitetiga kirishga muvaffaqat bo‘lgan edi, ammo tanlovning final bosqichida qatnashish maqsadida o‘qishdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. Chunki reglamentga ko‘ra, Koreyada tahsil olayotgan talabalarga koreys tili notiqlik san'ati bo‘yicha musobaqada qatnashish mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Seuldagi tanlovda g‘olib chiqib, 10 ming dollar sohibi bo‘lgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top