14:39 / 14.10.2019
0
4293
Karantin ostidagi qanday mahsulotlar respublika hududiga kiritilmagani aytildi
Foto: RIA Novosti, Samvel Sepetchyan

Amaldagi qonunchiligiga muvofiq, eksportga jo‘natilayotgan hamda respublikaga import qilinayotgan o‘simlik mahsulotlarini karantin tekshiruvidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.

2019 yilning so‘nggi 8 oyi, ya'ni yanvar-avgust oylari davomida respublikadan eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan mavjud bo‘lgan karantin organizmlari boshqa davlatlarga o‘tib tarqalishi yoki xorijdan import qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlardagi zararli organizmlar respublika hududida tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 323 tonna (shundan 235 tonnasi qo‘l yuki, 88 tonnasi transport vositalari orqali), 10,25 mln. dona (shundan 41 ming donasi qo‘l yuki, 10,21 million donasi transport vositalari orqali) va 1317 m.kub miqdorida transport vositalari orqali respublikaga olib kirilayotgan o‘simlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlanganligi sababli chegara maskanlaridan qaytarib yuborildi. Qaytarib yuborishning imkoni bo‘lmagan 3,1 mln. dona zararlangan ko‘chatlar esa yoqish yo‘li bilan tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Shuningdek, xorijdan respublikaga import qilinishi rejalashtirilgan 72 tonna kartoshka yuk egalari tomonidan tegishli hujjatlar qalbakilashtirilgani aniqlanib, chegaradan o‘tkazilmadi. Shu bilan birga, 6 500 tonna miqdoridagi urug‘lik kartoshka o‘simliklar karantini bo‘yicha mutaxassislar tomonidan fitosanitar holatni o‘rganish chog‘ida eksport qiluvchi davlatning o‘zida qoniqarsiz deb baholandi va mamlakatga import qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Respublikadan chet davlatlarga chiqarilayotgan 63,5 tonna (14,5 tonnasi qo‘l yuki, 49 tonnasi transport vositalari orqali) va 7 ming dona (5 ming donasi qo‘l yuki, 2 ming donasi transport vositalari orqali) karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitar talablarga javob bermaganligi sababli eksport qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi va ularga nisbatan karantin tadbirlari amalga oshirilib, belgilangan tartibda ichki bozorga chiqarildi.

Tadbirkorlar faoliyatida yuqoridagi kabi holatlar sodir bo‘lmasligi uchun quyidagilarga amal qilishi tavsiya etiladi:

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zararli organizmlardan holi hududlarda yetishtirilishi;

ekin hududlari karantin inspektorlari nazoratidan o‘tkazib borilishi;

eksport qilinadigan mahsulotlar fitosanitar talablarga to‘liq muvofiq kelishi;

eksportga yo‘naltirilgan karantin ostidagi mahsulotlarni transport birliklariga yuklashdan oldin «O‘zdavkarantin» inspeksiyasining hududlardagi inspektorlariga murojaat qilinishi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top