23:08 / 14.10.2019
0
8063

Kataloniyalik siyosatchilarga mustaqillik bo‘yicha referendum uchun 100 yillik qamoq jazosi berildi

Foto: EPA/UPG

Ispaniya oliy sudi 14 oktyabrda 2017 yil 1 oktyabrda Kataloniya muxtoriyati mustaqilligi bo‘yicha noqonuniy referendum o‘tkazishga aloqador bo‘lgan kataloniyalik siyosatchilarga jazo hukmi chiqardi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi. 

Ushbu ish bo‘yicha sudlangan 12 kishidan bir qismi isyon ko‘tarishga undash va davlat pulini xarjlab yuborish bo‘yicha aybdor deb topilgan. Jumladan, muxtoriyat hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari Oriol Junkeras 13 yillik qamoq jazosi oldi.

Shuningdek, Kataloniya milliy assambleyasining sobiq yetakchisi Jordi Sanches va “Omnium kultural” tashkiloti raisi Jordi Kuishart 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Muxtoriyat parlamentining sobiq spikeri Karme Forkadel 11 yil 6 oylik qamoq jazosiga tortilgan. Bundan tashqari, sudlanganlarga turli davr davomida davlat lavozimlarini egallash taqiqlangan. 

O‘z navbatida, muxtoriyat hukumatining sobiq rahbari Karles Puchdemon hukmni dahshat deb atagan.

“Umumiy hisobda 100 yillik qamoq jazosi. Qanday dahshat”, deb yozgan Puchdemon tvitterda. “O‘g‘illarimiz va qizlarimizning kelajagi uchun bunga munosabat bildirish kerak. Demokratiya uchun, Yevropa uchun. Kataloniya uchun”, deb qo‘shimcha qilgan Puchdemon.

Bu orada Kataloniyada norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Muxtoriyat mustaqilligi tarafdorlari Barselona, Tarragona, Jirona va boshqa shaharlar ko‘chalariga chiqishgan. 

Tartibsizliklar sababli Ispaniya ichki ishlar vazirligi muxtoriyatda huquq-tartibot xodimlari sonini ko‘paytirgan.  

 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top