13:55 / 14.10.2019
1
24667
O‘zbekistonda ilk vaqf mehmonxonasi ochildi
Foto: vaqf.uz

Surxondaryo viloyatida Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida yangi mehmonxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ushbu qadamjoga ziyoratlari doirasida vaqf mehmonxonasini ochib berdi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi mehmonxonada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy uslubda jihozlanganligi qayd etildi. Mazkur mehmonxona 70 o‘ringa ega bo‘lib yuqori xizmat ko‘rsatuvchi qulayliklarga ega lyuks hamda yarim lyuks xonalarni o‘z ichiga oladi. Mehmonxona hududida 1 ta choyxona va 1 ta restoran mavjud. Bu esa ham dam oluvchilar, ham yo‘lovchilar uchun xohlagan vaqtda kelib tanovul qilish imkoniyatini yaratadi. 

Yana bir jihati mehmonxonaning Toshkent-Termiz xalqaro magistral yo‘lining yonida ekanligi. Bu esa Iso Termiziy, Sulton Saodat, Kampirtepa, Fayoztepa hamda Hakim Termiziy ziyoratgoh va tarixiy yodgorliklariga tez fursatda yetib olish imkonini beradi. 

Shuningdek ochilish marosimi davomida viloyatdagi 30 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirildi.

Mehmonxonada musulmon sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida har bir xonaga Qur'oni karim, joynamoz qo‘yilishi va Qibla ko‘rsatgichi o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, istiqbolda mehmonxonani halol standartiga mos holatga keltirish ko‘zda tutilgan.

Mehmonxona faoliyatidan kelib tushgan mablag‘lar vaqf mulklarini tasarruf etish hamda xayriya maqsadlari uchun ishlatiladi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi ushbu mehmonxonaning tashkil etilishi va faoliyatining yo‘lga qo‘yilishida ko‘mak ko‘rsatgan saxovatpesha homiylarga o‘z minnatdorligini bildirgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top