15:08 / 14.10.2019
0
2421
Senatda YeTTB bilan hamkorlik muhokama qilindi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 14 oktabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning joriy yil sentabr oyida Londonga tashrifi vaqtida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida qator kelishuvlarga erishildi. Ularning amalga oshirilishi O‘zbekistonda investorlarni qo‘llab-quvvatlashga va kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Tomonlar qayd qilganidek, integratsiyalashgan bozor iqtisodiyoti modeliga o‘tish, xalqaro munosabatlarni yaxshilash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va valutani tartibga solishni erkinlashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xalqaro moliya institutlari e'tiborini mamlakatimizga jalb qiladi. YeTTB o‘tgan yili O‘zbekiston uchun yaqin besh yildagi ustuvorliklari belgilangan yangi strategiyani tasdiqladi. Strategiya xususiy sektorni mustahkamlash, yashil energetikaga ko‘maklashish va mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini o‘z ichiga oladi.    

Bundan tashqari, O‘zbekistonning iqtisodiyot sohasida faoliyat olib borayotgan asosiy vazirliklari va idoralari salohiyatini mustahkamlashda YeTTBning imkoniyatlaridan foydalanishga urg‘u berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top