19:32 / 14.10.2019
3
10969
Toshkentdagi kamida 30 foiz reklama shitlari noqonuniy o‘rnatilgan – soha mutaxassisi bilan suhbat

«Hozir poytaxtda kamida 30 foiz reklama shitlari noqonuniy o‘rnatilgan. Ulardan na soliq, na mahalliy budjetga yig‘im puli tushayotgani yo‘q. Nazorat bilan esa hech kim shug‘ullanmayapti»

Shu yil 11 sentyabrda qabul qilingan «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi. 

Ushbu agentlikka bevosita iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan birga reklama bozorini tartibga solish vazifasi yuklatildi.

Kun.uz muxbiri Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov bilan tashqi reklamalar va ularning nazorati mavzusida suhbatlashdi.

Uning ta'kidlashicha, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tuzilishi bilan reklama sohasida yagona nazorat qiluvchi davlat organi tashkil etildi. Bunga qadar ushbu funksiyani sobiq Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bajarib kelayotgandi.

Raqobat qo‘mitasi 2019 yil yanvarida tugatilgach, shu vaqtdan boshlab to sentyabrda yuqoridagi farmon qabul qilinib, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etilishigacha bo‘lgan oraliq vaqt – 8 oy davomida alohida tashkilot reklama masalasi nazorati bilan shug‘ullanmagan.

– Ko‘chalardagi turli bannerlarda joylashtirilgan tashqi reklamalar qay tartibda joylashtiriladi va nazorat qilinadi?

– Tashqi reklamalar – shaharning yuzi. Ko‘pchilikning fikricha, shaharda nima reklama qilinayotganiga qarab, hududning iqtisodiy ahvoli haqida fikr yuritish mumkin. Men ham tashqi reklamalar iqtisodiyotning ko‘rsatkichi deb bilaman. Aytaylik, qimmat mashina reklama qilinayotgan bannerga ko‘zingiz tushsa, demak, bu shaharliklarning uni sotib olishga qurbi yetishini anglatadi.

2018 yil 30 avgustda Vazirlar Mahkamasining tomonidan qabul qilingan «Tashqi reklamalarni joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, reklama bo‘yicha qator yangiliklar qilindi.

Unda tashqi reklama uchun yerlarni auksion orqali berish ko‘zda tutilgan. Agar oldinlari hududdagi hokimliklarga borib, «Men shu hududda reklama bannerini joylashtirmoqchiman» deb so‘rasangiz, «ha» yoki «yo‘q» degan javobni berishardi. Rozilik ololmasdan ketgan talabgorning ertasi kuni o‘sha yerga boshqa reklama osilganini ko‘rish hollari ham uchrab turardi.

Auksion orqali reklama hududlarining sotilishi bilan esa korrupsion holatlarning oldini olishni maqsad qilganmiz. Oddiygina misol: mashina raqamlarining auksion orqali sotila boshlagani ham sohada turli tartibsizliklarning oldini olishga yordam bergani sir emas. Xuddi shunday, reklama uchun joylarning hokimiyat tomonidan onlayn ro‘yxati tasdiqlanishi va uning auksionga qo‘yilishi bilan xohlagan tadbirkor savdoda qatnashadi va o‘z konstruksiyalarini o‘rnatilgan tartibda o‘sha hududga quradi.

Ayni paytda «Reklamadan xoli hudud» atamasini qabul qilish bo‘yicha taklif ham ishlab chiqilgan.  Chunki, aytaylik, diniy muassasalarimiz yoniga dinga maqbul bo‘lmagan biror mahsulot reklamasi qo‘yilsa, odamlarga yoqmasligi mumkin.

Shuning uchun «reklamadan xoli hudud»ga diniy muassasalar, tarixiy obidalar, davlat tashkilotlari (prezident qarorgohi, prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis, Oliy Sud va hokimliklar binolari) kiritilib, ularga taalluqli bo‘lgan yerdan 50 metr uzoqlikkacha bo‘lgan hududda reklamalar qo‘yilmasligi to‘g‘risida taklif kiritdik.

Buning bilan biz ham tadbirkorni imkon boricha cheklamaslikka harakat qilamiz, ham turli noqulayliklarning oldini olishga erishamiz.

– Garchi auksion orqali reklama o‘rnatish mumkin bo‘lgan yerlarni sotish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lsa-da, uni amalga tatbiq qilish mexanizmi hali mavjud emas.

– Bir yildan oshgan bo‘lishiga qaramay, hali to‘liq bu sistema ishlamayapti. Ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan auksionni qay tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tartib ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

Shuningdek, «Tashqi reklamalarni joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorga asosan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab, tashqi reklama agentliklari o‘zlariga tegishli bo‘lgan reklama konstruksiyalari uchun mahalliy yig‘im to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu to‘lov shu kungacha ham bo‘lgan, faqat 2018 yil 1 dekabrdan boshlab bu mablag‘ning 90 foizi  bevosita mahalliy budjetga, 10 foizi «Tasviriy oyna» ijodiy uyushmasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladi.

Masalan, reklama konstruksiyasi Chilonzor tumanida joylashtirilgan bo‘lsa, mahalliy yig‘im Chilonzor tumani budjetiga tushishi kerak.

– Ayni paytda respublika bo‘yicha jami qancha tashqi reklama konstruksiyalari mavjud? Ya'ni aholi qancha tashqi reklamani iste'mol qilmoqda? 

– 2018 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, konstruksiyalar soni 9 ming 605 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil 1 sentyabrda ularning soni 10 ming 170 taga yetgan.

O‘zbekistonda oltiga uch hajmidagi reklama shitlari eng mashhur format hisoblanib, mavjud konstruksiyalarning taxminan 80 foizini shu formatdagilar tashkil qiladi.

Tashqi reklama soni bo‘yicha 6 yarim ming konstruksiya bilan Toshkent shahri birinchi o‘rinni egallaydi. Keyingi o‘rinlarni esa Samarqand va Toshkent viloyatlari band qiladi. Lekin ulardagi reklamalar soni poytaxt bilan solishtirganda sezilarli darajada kam.

– Tashqi reklamalardan olinadigan mahalliy yig‘im haqida gapirdingiz. Ular ham hududiy va boshqa omillarni hisobga olgan holda bir-biridan farq qiladimi?

– Tariflar 2ga bo‘lingan: mahalliy va xorijiy mahsulot reklamasi uchun alohida.

Shuningdek, ayni paytda respublikada reklamaga tegishli yangilangan va eski tariflar mavjud. Eng eski tarif Toshkent shahriga tegishli. Bu 2009 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘zgarmagan. O‘z-o‘zidan nega o‘zgarishsiz qolgan, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Bu kimgadir kerak bo‘lgan yoki boshqa yana qanaqadir sabablari bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda eng kichik tarif ham Toshkent shahrida bo‘lib, 1700 so‘mni tashkil etadi. Poytaxtning o‘zi 3ta zonaga bo‘lingan bo‘lib, ulardagi reklama tariflari narxi bir-biridan farqlanadi.

Buni boshqa viloyatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, masalan, Xorazm, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida tarif 20 ming 273 so‘m qilib belgilangan.

Ayrim viloyatlarda bu tariflar hokimlar qarori bilan tasdiqlangan bo‘lsa, boshqalarida Xalq deputatlari viloyat kengashlari tomonidan tasdiqlangan. 

Toshkent shahrida esa 10 yildan beri tariflar yangilanmayotgani ham jumboqli masala.

– Davlat budjetiga tashqi reklamalardan o‘rtacha qancha mablag‘ tushadi?

– 2016 yilda 5.9 milliard, 2017 yilda 6.7 milliard, 2018 yil 9.2 milliard so‘m mablag‘ tushgan bo‘lsa, tashqi reklamalardan joriy yil 4.5 milliard so‘m pul davlat budjetiga tushgan. Uning 1.5 milliardi esa Toshkent shahridan olingan mablag‘ tashkil qiladi.

Vaholanki, poytaxtda 6 yarim ming atrofida reklama shitlari mavjud. Taxminan hisoblaganda, yiliga 10 milliard so‘mdan kam pul tushishi kerak emas.

Jizzax viloyatida esa reklama to‘lovlari umuman qilinmagan. Lekin ayni paytda Jizzaxda 150ta konstruksiya bor. Agar taxminan hisoblaydigan bo‘lsak ham, 150 ta konstruksiyani mahalliy mahsulot reklamasi uchun ixtisoslashgan degan holda hisoblanganda Jizzaxda 1 kvadrat 8 ming 120 so‘mligini inobatga olsak, Jizzax viloyati budjetiga 2019 yilda 204 million so‘m pul tushmagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan bu bo‘yicha Moliya vazirligiga, hokimliklarga turli taklif va ma'lumotlar taqdim etilgan. Chunki bu – budjet mablag‘i. Shuning uchun unga e'tiborli bo‘lish zarur.

Hokimliklar bu masalani to‘liq tushunmagan. Shuning uchun ular tashqi reklamadan keladigan tushumni nazorat qilishda ko‘pincha sustkashlik qilishmoqda.

– Reklama konstruksiyasi auksion orqali sotuvga chiqarilsa, bu kabi holatlarning oldi olinishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, nega haligacha auksionda sotish tartibi to‘liq ishlamayapti?

– Tegishli vazirliklar bilan o‘rganib chiqib, reklama konstruksiyalarini auksionda berish tartibi bo‘yicha qaror loyihasi o‘tgan yili 1 dekabrda  Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan, biroq hali tasdiqlanganicha yo‘q.

Bu oraliq muddatda tadbirkorlik sub'yektlariga to‘sqinlik qilinishiga olib keluvchi holatlar paydo bo‘lyapti. Chunki 1 dekabrdan keyin o‘z reklama shitini qo‘yish uchun Qurilish boshqarmalariga murojaat qilishsa, ular bu huquq bizdan auksionga o‘tgan, deb javob berishadi. Vaholanki, hali auksionda berish tartibi tasdiqlangani yo‘q.

Oqibatda xohlagancha betartib shitlarni joylashtirish avj oldi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida o‘tgan yili mavjud bo‘lgan 6 ming 220ta reklama shiti hozirgi kunda 6 yarim mingdan ko‘proqni tashkil etmoqda. O‘z-o‘zidan shuncha tashqi reklama qayerdan keldi, degan savol tug‘iladi. Hozir poytaxtda kamida 30 foiz reklama shitlari noqonuniy o‘rnatilgan. Ulardan na soliq, na mahalliy budjetga yig‘im puli tushayotgani yo‘q. Nazorat bilan esa hech kim shug‘ullanmayapti.

Agar biz kimgadir «Yo‘q, ayni paytda reklama konstruksiyasini o‘rnatolmaysiz, auksionda hal bo‘lishi kerak», degan javobni bersak, boshqasi o‘z bilganicha o‘sha yerga reklama konstruksiyasini quryapti.

Reklama konstruksiyasining qurilishi talablarga javob beradimi, uning reklama pasporti mavjudmi, degan savollarni hech kim bermayapti. Aslida, ularning nazorati tuman va shahar hokimliklarining va qurilish boshqarmalarining bo‘ynida bo‘lishi kerak.

Tadbirkorlar orasida noqonuniy o‘rnatilgan reklamalaridan auksion o‘tkazilish tartibi tasdiqlanguncha tez-tez foyda qilib olaylik, keyin buzilsa ham mayli, degan maqsadda yurganlari ham bor.

Keyinchalik auksion tizimi ishlay boshlagach, hokimliklar qayerlarda reklama o‘rnatish mumkinligi bo‘yicha sxemani tasdiqlab beradi va shu bo‘yicha tadbirkor reklamani qayerga joylashtirishi mumkinligini aniq bilib oladi. Lekin ungacha bo‘lgan vaziyatni ham aniqlashtirib olish zarur. Hozirgi kunda ko‘chalarda ikkita yo‘l oralig‘iga ham reklama qog‘ozlari o‘rnatilgan. Qonun bo‘yicha esa ular yo‘l bo‘yida 2 metrdan ko‘proq chiqishi mumkin emas.

Endi faraz qilaylik: 6x3 formatidagi reklamalarning ham yo‘lga chiqib turganlari ko‘p. Agar kattaroq transport vositasi o‘tayotib talafot ko‘radigan bo‘lsa, yaxshi bo‘lmasligini ham o‘ylab ko‘rish zarur.

Yuqorida ta'kidlanganidek, reklamalar – shaharning yuzi. Betartib va haddan oshiq reklamalar kelayotgan turistlarda salbiy munosabat uyg‘otishi ehtimoli ham katta. Shu jihatdan bizga son emas, sifat muhimroq.

Poytaxtga 6 ming reklamaning o‘rniga 3 mingi ham yetishi mumkin. Ularning orasidan primitiv ko‘rinishdagilarini chiqarib tashlab, yangicha LED-ekrandagilarini o‘rnatish esa zamon talabi.

Hozir ko‘pchilik narxi arzon bo‘lgani uchun ham tashqi reklamalarni ko‘paytirib yuborayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Xorazmda Toshkentga nisbatan reklamaning narxi qimmat bo‘lishi ham yaxshilik belgisi emas. Chunki reklama beruvchi o‘z mahsulotini Xorazmda reklama qilish fikridan qaytishi mumkin.  Va Xorazmda tashqi reklama yaxshi rivojlanmasligi ehtimoli paydo bo‘ladi. Hozir ham bu hududdagi reklamalar soni ko‘p emas – 281ta.

– Ta'kidlanganidek, ba'zi hududlarda reklama haddan ortiq ko‘p bo‘lsa, ayrim joylar haqida bunday deyish qiyin. Balansni saqlash uchun tartibga solish mexanizmi qanday bo‘lishi kerak?

– Ayni paytda poytaxt tashqi reklamalar bilan to‘yinib bo‘lgan. Bu hududda joylashtiriladigan reklamalar narxi boshqa hududlarga qaraganda yuqori bo‘lishi kerak, degan talabni ishlab chiqqan takliflarimizga qiritganmiz. Bu holda viloyatlar iqtisodiy rivojlanish, aholi zichligi kabi omillarni hisobga olgan holda 3ta guruhga ajratilgan.

Birinchi guruhga Toshkent shahri, ikkinchi guruhga Samarqand va Buxoro viloyati kiritilsa, qolgan hududlar uchinchi guruhga kiritilishi rejalashtirilgan.

Bunda agar poytaxtda joylashtiriladigan reklama narxi 1 kvadrat metr uchun 50 ming so‘m bo‘lsa, boshqa hududlarda bundan pastroq bo‘ladi. Va o‘z navbatida ular ham zonalarga bo‘linadi.

Hozir Qoraqalpog‘istonda reklama uchun to‘lov joriy qilinmagan. Balki bu narsa to‘g‘ridir. Chunki hududda bor-yo‘g‘i 81ta reklama konstruksiyasi qurilgan.

Takliflar bo‘yicha tashqi reklama rivojlanmagan hududlarda ham bu yo‘nalish taraqqiy etishi uchun alohida e'tibor qaratilgan. Agar hozir faqat viloyat, tuman markazlarida tashqi reklama sanoati rivojlanayotgan bo‘lsa, endi boshqa hududlarda ham taraqqiy qildirish uchun zamin yaratishni belgilaganmiz.

Yangi tartib tasdiqlansa, reklama uchun tarif stavkalari Xalq deputatlari viloyat kengashlari tomonidan belgilanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi deb topdik. Chunki ular hududlarning xususiyatlarini yaxshiroq bilishadi va adolatli narx belgilashlari ham osonroq bo‘ladi. Kengashlar qarori bilan ba'zi hududlarda tashqi reklamani ko‘paytirish va tadbirkorlarga imkon berish uchun «nol» stavka belgilanishi mumkin. Shunda mahalliy yig‘im undirilmasdan tashqi reklamalarni ko‘paytirishga erishish imkoni bo‘lishi mumkindir.

– Ko‘chalarda qoldirib ketiladigan yoki bekat va daraxtlarga turli odamlar tomonidan yopishtiriladigan e'lonlar nazorati ham tashkil qilinganmi? Ularning ishonchliligi yoki sifati nazorat qilinadimi?

– Aslida, bu kabi reklamalarni yopishtirish mumkin emas. Imkon qadar ular uchun ma'muriy javobgarlik yoki boshqa cheklash usullarini qo‘llash ilinjidamiz.

Ayrim rivojlangan Yevropa davlatlarida bekat va daraxtlarga yopishtirib ketilgan e'lonlarni kamaytirish uchun ularda ko‘rsatilgan telefon raqamlarini o‘chirib qo‘yish usulidan foydalanishadi. Hozir bizda ham shunaqa reklamalarni yopishtirib ketishaveradi, farroshlar esa ularni ko‘chirib olishga majbur bo‘lishadi. Kimdir uy ijaraga qo‘yish uchun, kimdir ta'mirlash uchun e'lon qoldiradi. Ularning orasida noqonuniylari ham ko‘p. Buni bir so‘z bilan «arzon hiyla» deb ham atash mumkin. Chunki litsenziya, sifat bor-yo‘qligi ham tavakkal qilinadi.

Bunaqa e'lonlardagi telefon raqamlarni shunchaki o‘chirib qo‘yish usulidan foydalanish mumkin. Lekin bu ham yuz foiz natija beradigan usul emas. Unda ham hisobga olinishi kerak bo‘lgan boshqa omillar ham mavjud.

Avvalo, iste'molchilar ham talabchan bo‘lishi va imkon boricha ishonchli manbalarning reklamalariga murojaat qilishlari zarur. 

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top