18:09 / 14.10.2019
0
5132
Vazirlik «Popdagi muammolar kolleksiyasi» bo‘yicha izoh berdi

Kun.uz sentabr oyida «Simyog‘ochni ushlasangiz tok uradi». Popdagi muammolarga «ko‘milgan» qishloq» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilgan, unda Namangan viloyatining Pop tumani Mirobod qishlog‘idagi aholi muammolari yoritilgan edi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligidan ma'lum qilishlaricha, maqolada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan ishchi guruh tuzilgan. Ish guruh tarkibiga Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari B.Nurmatov, Pop tumani hokimining o‘rinbosari R.Ergashov, Namangan viloyat uy-joy kommunal xizmat kursatish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i U.Ataxanov hamda tuman mutasaddi tashkilot rahbarlari kiritilgan va muammoli masalalar joyida o‘rganilgan.

Quyida vazirlik taqdim etgan ma'lumotlar keltirib o‘tiladi.

Ichimlik suvi muammosi nobyargacha hal etiladi

– Joriy yil «Qishloqichimliksuvta'minot» MChJ tomonidan Yangiyer MFYda 5,4 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, yangi suv nasosi o‘rnatilgan. Hozirda mahallaning ko‘chalarida tarmoq tortish ishlari olib borilmoqda. Rejaga asosan, ta'mirlash-tiklash ishlari yakunlanganidan so‘ng, joriy yilning noyabr oyiga qadar Yangiyer MFYda joylashgan Mirobod ko‘chasida yashovchi fuqarolar toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi.

Aholiga toza ichimlik suv tarmog‘ini tortish ishlarini bajarish uchun  524 mln. 800 ming so‘mlik mablag‘ ajratilgan bulib, «Qishloqichimliksuv» MChJ tomonidan loyihalashtirilgan, hozirgi kunda tarmoq tortish ishlari 70 foiz bajarilgan.

Shuningdek, kelgusida qo‘shimcha tarmoq tortish orqali Yangiobod MFY aholisini toza ichimlik suv taminotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Foto: Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi

Bolalarga xonalar yetishmaydigan maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binosi 2022 yilga va'da qilindi

– 52-sonli maktab 2006 yilda mukammal ta'mirlangan. Maktabning quvvati 180 o‘rinli bo‘lib, hozirda 301 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Maktabda sport zal mavjud emas.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan maktabga sport zal va 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurish 2022 yilgi «Obod qishloq» dasturi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bog‘cha qurish «yo‘l xaritasi»ga kiritilgan

– Yangiyer MFY hududida bolalar bog‘chasi mavjud emasligi sababli MFY hududida davlat tomonidan bolalar bog‘chasi qurish haqida taklif berilib, respublika darajasida hal etiladigan muammolar bo‘yicha tuzilgan «Yo‘l xaritasi»ga kiritilib, viloyat hokimligiga yuborilgan.

Shu bilan birga, tuman hokimligi tomonidan tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limiga Yangiyer MFYda xususiy bolalar bog‘chasi tashkil etish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan.

Ichki yo‘llar 2020 yilda ta'mirlanadi

– «Yangiyer» MFY Mirobod ko‘chasining asosiy ko‘chalarining yo‘llari ayni vaqtda yaxshi (asfaltlangan) holatda bo‘lib, 2018-2019 yillarda 1423 metr ichki ko‘chalarini shag‘allashtirish ishlari olib borilgan.

Mazkur hududda ta'mirlash ishlari olib borilmagan ichki ko‘chalarda ta'mirlash ishlari 2020 yilda manzilli dastur asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top