16:44 / 15.10.2019
0
1796
Ispaniya hukumati kataloniyalik siyosatchilarni afv etish masalasini ko‘rib chiqmayotganligi ma'lum qilindi
Foto: AP Photo / Olivier Matthys

Ispaniya hukumati oliy sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 2017 yilda Kataloniya muxtoriyati mustaqilligi bo‘yicha noqonuniy referendum o‘tkazishga aloqador kataloniyalik siyosatchilarni afv etish masalasini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Ispaniya moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Mariya Xesus Montero ma'lum qildi.

"Hukumat raisi vazifasini bajaruvchi Pedro Sanches hukumat hukmga rioya qilishini bildirdi. Hukumat afv etish masalasini ko‘rib chiqmayapti. Biz siyosiy kuchlarni hukumat tarafida bo‘lishga chaqiramiz. Mamlakatning barcha siyosiy yetakchilari bilan muzokaralar boshlangan", - dedi u.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Ispaniya oliy sudi 12 nafar kataloniyalik siyosatchini aybdor deb topdi. Ulardan to‘qqiz nafari isyon ko‘tarishga aloqadorlikda ayblanib 9 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi. 

Buning ortidan Kataloniyada norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Muxtoriyat mustaqilligi tarafdorlari Barselona, Tarragona, Jirona va boshqa shaharlar ko‘chalariga chiqishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top