01:05 / 15.10.2019
0
28395
Putin va Saudiya Arabistoni podshohi muzokaralar o‘tkazishdi va sovg‘alar almashishdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bilan muzokaralar o‘tkazdi va o‘zaro sovg‘a almashdi.

E'tiborlisi, ikki davlat yetakchilari muzokaralar o‘tadigan saroyga elektromobilda kirib kelishgan. Putin saroy tomon yo‘l olayotgan vaqtda podshohlik qo‘riqchilari belidagi hanjarlar bilan qiziqqan. Podshoh Salmon shu ondayoq harbiylarga Putinga “Jambiya” deb ataluvchi xanjarni ko‘rsatishni buyurgan.

Uchrashuv vaqtida Saudiya podshohi Rossiyaning mintaqa va dunyoda muhim rol o‘ynashini, podshohlik xavfsizlik, tinchlik va barqarorlik, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash, iqtisodiy o‘sishni mustahkamlash masalalarida Moskva bilan birgalikda ishlashga intilishini qayd etib o‘tgan. Podshoh ikki davlat hamkorligini do‘stona deb atagan.

O‘z navbatida, Putin podshohning 2017 yilda Rossiyaga tashrif buyurgani va o‘shanda erilishgan barcha kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini eslatib o‘tgan.

Uchrashuv davomida ikki davlat neft ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik xartiyasi, “Roskosmos” va Saudiya Arabistonining koinot bo‘yicha komissiyasi o‘rtasida kosmonavtika va GLONASS global navigatsiya tizimini moliyalashtirish sohasida hamkorlik haqidagi bayonot, ikki davlat energetika vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bayonnomasi, shuningdek, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Rossiya va Saudiya Arabistoni Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ixtiloflarning diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi va terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashlari ta'kidlab o‘tilgan. Bundan tashqari, Rossiya va podshohlik hukumatlari ikki davlat fuqarolariga vizalar berish tartibini soddalashtirish haqidagi memorandumni imzolagan.        

Uchrashuvdan keyin Putin podshohga Kamchatka shumkari (krechet) qushini sovg‘a qilgan va javob sovg‘asi tariqasida podshohdan surat olgan.   

Shuningdek, Rossiya prezidenti valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga mamontning dandon tishidan ishlangan badiiy buyum sovg‘a qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top