08:02 / 15.10.2019
1
9212
Transport vazirligi o‘z vakolatini suiiste'mol qilgan inspektor haqida ma'lumot berdi
Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Transport vazirligi inspektori tomonidan xizmat vazifasini bajarish vaqtida o‘z vakolatini suiiste'mol qilganligi aks etgan videotasvirlar tarqaldi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 7 oktabr kuni Toshkent shahar, Bektemir tumani THAY ko‘chasida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan qo‘shma reyd tadbiri davomida YPX noziri tomonidan “Lasetti” rusumli transport vositasi to‘xtatilgan.

Toshkent shahar transport boshqarmasining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta'minlashni nazorat qilish bo‘limi 1-toifali inspektori A.X. transport vositasida Farg‘ona viloyatiga ketayotgan yo‘lovchilar bilan olib borgan suhbati davomida, yo‘lovchi talabiga ko‘ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatmay, aksincha yo‘lovchidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini talab qilib, qo‘pol tarzda yo‘lovchini so‘roqqa tortgan va transport vositasidan chiqishni talab qilgan. Ushbu harakati bilan inspektor A.X. o‘z vakolatini suiiste'mol qilgan. 

Ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahar transport boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda inspektorlar birinchi navbatda yo‘lovchi tashish faoliyati qonuniyligini, xavfsizligini ta'minlashi hamda yo‘lovchilarning huquqini himoya qilishi lozimligi ta'kidlanib, yuqoridagi kabi axloqsiz holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi, deyiladi xabarda.

Yuqorida ro‘y bergan holat yuzasidan 1-toifali inspektor A.X.ga nisbatan “hayfsan” e'lon qilingan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top