14:20 / 15.10.2019
0
6812

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yangi agentlik bo‘yicha hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi to‘g‘risidagi Nizom;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, eng yangi o‘quv-laboratoriya, ilmiy, ishlab chiqarish va sport uskunalari, anjomlar, inventar va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash dasturi;

2020 – 2025 yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi;

Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasining Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi PQ-4034-son qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga tegishli Toshkent shahri, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi, 29 uy manzilida joylashgan ma'muriy bino va inshootlarini tutash hududlari bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlikka o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida markazlashgan kapital qo‘yilmalar hisobidan Agentlik binosini ta'mirlashga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun mablag‘lar ajratsin va 2020 yilda davlat ekspertizasidan o‘tgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq obektning qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi mablag‘larni ajratadi.

Belgilanishicha:

Agentlik va uning bo‘ysunuvidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ta'lim va maslahat xizmatlari, intellektual mulk huquqlari, xorijiy xodimlar bilan ta'minlash bo‘yicha shartnomalarni tuzish yuzasidan yuridik shaxslarning foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lovlardan shuningdek shartnoma asosida jalb qilingan xorijiy mutaxassislarning jismoniy shaxslar daromad solig‘idan va oylik ish haqi hisobidan yagona ijtimoiy to‘lovlardan;

ta'lim sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar yoki doimiy muassasa orqali O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib boradigan xorijiy tashkilotlar Agentlik va uning bo‘ysunuvidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bilan tuzilgan shartnomalari asosida barcha turdagi soliqlardan, shuningdek mehnat shartnomasi asosida jalb qilingan xorijiy mutaxassislarning jismoniy shaxslar daromad solig‘i va oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilangan tartibda Agentlik buyurtmanomalari bo‘yicha loyiha doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislariga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibiga asosan yuqori malakali va malakali mutaxassislarni Agentlik va uning bo‘ysunuvidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga jalb etishda ish beruvchining ruxsatnoma va chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olishidan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Agentlik va uning bo‘ysunuvidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni jihozlash va faoliyatini ta'minlash uchun olib kiriladigan zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lashdan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun mas'ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlik tuzilmasi quyidagilardan iborat:

Agentlikning markaziy apparati;

Prezident maktablari;

Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Erkin Vohidov nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga hamda ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Muhammad Rizo Erniyozbek Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini hamda xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi;

Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab;

Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Ibroyim Yusupov nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab;

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati;

Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish, rivojlantirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar va ularning faoliyati, o‘quv rejalari va dasturlariga tegishli me'yoriy-huquqiy bazani mukammallashtirish va zamon talabi bilan uyg‘unlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi «O‘qituvchi» ilmiy-uslubiy nashriyot markazi bilan birgalikda Agentlik tuzilmasidagi maktablar uchun mazmun va sifat jihatidan xalqaro va milliy talablarga javob beradigan, yangilangan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv-metodik qo‘llanma va adabiyotlarning yangi avlodi yaratilishi va nashr etilishini tashkil qilish;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayonida ilg‘or ta'lim shakllari, zamonaviy axborot texnologiyalari va pedagogik innovatsiyalarni joriy etish;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning o‘quvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning ma'naviy-ma'rifiy, axloqiy, psixologik, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirishga qaratilgan ilg‘or ta'lim shakllarini joriy etish;

xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Agentlik tuzilmasidagi maktablarga pedagogik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarda chet tillarini o‘qitishning samaradorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarda ta'lim sifatini tizimli monitoringini olib borish uchun ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning bino va inshootlaridan samarali foydalanish bo‘yicha monitoring olib borish va ularni muvofiqlashtirish.

Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning o‘quvchilarida vatanparvarlik, Vatanga beqiyos muhabbat va sodiqlik tuyg‘ularini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmatni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta'lim-tarbiya jarayoni sifatini oshiradi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar bitiruvchilarining davlat va chet tillarini mukammal bilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarga malakali va tajribali, chuqur bilimli va mahoratga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va o‘qitishning innovatsion uslublarini mukammal o‘zlashtirgan pedagoglarni jalb qiladi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar bitiruvchilarining respublika oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olishni davom ettirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni, shu jumladan ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim tizimining faoliyat yuritishi orqali kerakli sharoitlarni yaratadi;

Prezident maktablari bitiruvchilarini yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishiga tayyorlaydi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishi uchun sharoit yaratadi;

o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilgan holda talab yuqori bo‘lgan ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini ko‘paytiradi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarda milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san'at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi asarlarga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxonalarni tashkil etadi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarda o‘quv-uslubiy jarayonni avtomatlashtirishni va ularni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulashni ta'minlaydi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar o‘quv jarayoniga ta'limning ilg‘or shakllarini, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy ta'lim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar, ularning moddiy jihozlanishi, ulardagi o‘quv rejalari, o‘quv darsliklari va dasturlari uchun o‘rnatilgan Davlat ta'lim standartlarini ishlab chiqadi, mukammallashtiradi va tasdiqlaydi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarda barcha umumta'lim fanlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarni zamonaviy sport zal, inventar, uskuna va boshqa jihozlar bilan ta'minlaydi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yaratish, tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq ishlarni 10-chi bandga muvofiq olib boradi;

o‘quvchilarning ta'limda erishgan yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda Agentlik tuzilmasidagi maktablarning ishtiroki bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganadi va tatbiq etadi;

Agentlik tuzilmasidagi maktablarning o‘quvchilarini turli fanlardan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishini hamda xorijiy madaniy-ma'rifiy safarlarini tashkil etadi;

Agentlikning markaziy apparati va idoraviy mansub muassasalarning xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish hamda ularning xizmat safarlari va stajirovkalari, jumladan xorijiy ilmiy tekshirish, ta'lim va boshqa muassasalariga yuborishni tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top