23:25 / 16.10.2019
0
11874
Erdo‘g‘an Germaniya tashqi ishlar vazirini tanqid qildi 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maasni noprofessionallikda aybladi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi. 

Maas Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti sababli Anqaraga qurol eksporti cheklanishini aytgandan keyin Erdo‘g‘an uning nomiga keskin tanqid bildirgan. Jumladan, Turkiya yetakchisi Maasni “havaskor” deb atagan. 

“Agar u siyosatda biror narsa tushunganda, bunday gapirmagan bo‘lardi”, deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Turkiya prezidenti Germaniyaning qurol eksportini cheklash rejasini qoralagan. 

“Shunda nemis tashqi ishlar vaziri – me'yor tushunchasi bo‘lmagan bir inson kelib, “Turkiyaga qurol sotmaymiz”, deb aytmoqda. Bu endi haddan tashqari”, deb aytgan Erdo‘g‘an va bunday siyosatdan Turkiya emas, balki Maas va Germaniya yutqazishini qo‘shimcha qilgan.

Erdo‘g‘an 9 oktyabrda Suriya shimolida Kurdiston ishchi partiyasi va IShIDga qarshi qaratilgan harbiy amaliyot boshlanishini e'lon qildi. O‘sha kuniyoq turk harbiy aviatsiyasi Suriyaning chegaradagi bir qator shaharlariga zarbalar bergan, so‘ngra amaliyotning quruqlikdagi qismi boshlangan. Bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar Turkiyaning ushbu amaliyotini qoralagan. Shuningdek, AQSh va Yevropaning bir qator davlatlari Anqaraga qarshi sanksiyalar kiritishini e'lon qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top