16:40 / 16.10.2019
0
2688
O‘zbekiston - Janubiy Koreya savdo aylanmasi hajmi 1,8 mlrd dollarni tashkil qildi
Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Nur-Sulton shahriga keldi. Bu haqda TIV xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, 16 oktabr kuni «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» 12-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Qozog‘iston poytaxtiga kelgan Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan uchrashdi.

Vazirlar joriy yil 18-21 aprel kunlari prezident Mun Chjye Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari doirasida erishilgan ko‘p qirrali kelishuvlarni bajarishning borishini ko‘rib chiqdilar, deyiladi xabarda.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning o‘suvchan ahamiyati qayd etilgan. 2019 yilning birinchi yarmida savdo aylanmasi hajmi 1,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilib, bu o‘tgan yilning ayni shu ko‘rsatgichidan 75 foizga ko‘proq.

Uchrashuvda qo‘shma investitsiya hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish mexanizmlari, «elektron hukumat»ni joriy etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta'lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi jabhalaridagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ta'kidlanishicha, tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top