13:55 / 16.10.2019
0
6942
Samara aeroportiga favqulodda qo‘ngan samolyot bortidagi o‘zbekistonlik kasalxonaga joylashtirildi

Samara shahri aeroportiga favqulodda qo‘ngan «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyoti bortidagi fuqaro kasalxonaga joylashtirildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytiladi.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yil 15 oktabr kuni Farg‘ona-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan (HY-627 reys) «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga tegishli samolyot O‘zbekiston fuqarosi A.O.ning sog‘ligi holati keskin yomonlashgani sababli Samara shahri «Kurumoch» aeroportiga favqulodda qo‘ngan.

O‘zbekiston fuqarosi 6-son Samara shahar kasalxonasiga joylashtirildi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, uning sog‘ligi holati barqarorlashgan va yaqin kunlarda unga ruxsat beriladi.

Samolyot esa Moskvaga uchib, «Vnukovo» aeroportiga bir yarim soat kechikish bilan muvaffaqiyatli qo‘ngan.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni o‘z nazoratiga olgani hamda tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa o‘rnatgani aytiladi.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov oblasti, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijyegorod oblasti, Orenburg oblasti, Penza oblasti, Perm o‘lkasi, Samara oblasti, Saratov oblasti, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov oblasti, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda Qozon shahridagi mamlakat Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma'lum qildi: +7-843-526-55-64, +7-843-526-55-65.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top