19:42 / 16.10.2019
0
65266
«Shu odam tinmay tuhmat qilmoqda» - Ijtimoiy tarmoqlardagi anonim murojaat izidan

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yurgan bir murojaat e'tiborimizni tortdi. «Adolat izlab» nomli profil egasi feysbukdagi qator guruhlarda, rasmiy saytlar xabarlariga yozilgan izohlarda va o‘z shaxsiy sahifasida ko‘p martalab o‘z shikoyatini qoldirgan. Barcha murojaatlar shaxsi ochiqlanmasdan anonim tarzda qoldirilgan.

Shikoyat mazmuni

«Olmazor tumani bo‘yicha yagona bo‘lgan nogiron va nuqsoni bor bolalar uchun iqtisoslashtirilgan 522-sonli bog‘cha va unga yonma-yon joylashgan 120-sonli bog‘chaning yerlari o‘g‘irlanmoqda. Ikki bog‘chaning avtoturargohi va yong‘in sodir bo‘lganda bolalarni evakuatsiya qilish uchun mo‘ljallangan yo‘lga xokimning qarori asosida imorat solingan va bog‘cha yerlari o‘g‘irlangan. Shu sababli, yong‘in sodir bo‘lgan holda 600dan ziyod bolalarni qutqarish imkoni yo‘q», deyiladi shikoyatda.

Holatni yanada bo‘rtirib tasvirlash maqsadida sirli muallif ikki bog‘cha o‘rtasida qurilgan bu uylarni «Iblis devori» deya ta'riflagan. Shuningdek, murojaatda aholining roziligini olish maqsadida shu yerda yashovchi fuqarolarga tegishli hujjatlarga «muttahamlik» bilan imzo chektirilgani aytiladi.

Anonim murojaatdagi hududni topib bordik. Holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgandan so‘ng masala jiddiy emas ekan, degan xulosaga keldik. Har ikki bog‘chaning darvozalari ham yetarli o‘lchamda bo‘lib, yong‘in sodir bo‘lganda maxsus mashinalar sig‘ishida muammo bo‘lmasligini bir qarashda ko‘rish qiyin emas.

Uy egasi bilan suhbat

Qurilish bo‘layotgan uyga ham kirib o‘tdik. Uy qurilishida ishlayotgan ustalar bizni ayni o‘sha mahalladagi bir uy tomon yo‘naltirishdi. Olmazor tumani, Beruniy mahalla, Nozimaxonim 7-ko‘cha, 10-uy egasi Omil Ahmadjonov bizni darrov uyga taklif qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan anonim tarzda murojaatlar qoldirilib, tuhmat uyushtirilayotganidan ranjiganini yashirib o‘tirmadi.

«Yoshim 80da. Fizik-professor, fan doktoriman. Sizlar turgan bu joy – Toshkentdagi zilziladan so‘ng pedagoglarga berilgan joylar edi. Shu yerga imorat qurib, yashay boshlaganmiz. Keyinroq oilam kattalashgani sababli yer so‘rab murojaat qildim. Poytaxtdagi boshqa kvartiramni hokimlikka topshirdim. Buning evaziga hokimlik esa menga shu joyga 2003 yili qaror chiqarib berdi. Qurilishni boshladik. O‘sha vaqtdayoq qo‘shnilarning ba'zilari hasadgo‘ylik bilan joyni talashishdi. Shahar hokimligiga xat yozishdi. Tuman hokimligidan kelib o‘rganishdi, tekshirishdi. Ular hammasi to‘g‘riligi, qurilish qilishimiz mumkinligini aytishdi. Arxitektorlar tomonidan loyiha qilingan, unda ko‘plab tashkilotlarning xulosalari keltirilar ekan. Shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Yozdi-yozdilar juda ko‘payib ketdi. «400 odam norozi, falon-falon deb». Lekin tekshiruvchilar kelganida birortasini isbot qilib bera olishmadi. Tuman prokuraturasiga ham chaqirishdi. Ularga ham hammasini tushuntirib, hujjatlarimni ko‘rsatdim.

Bu shikoyatbozliklarni, avvalo chalasavodlik deb bilaman. Chunki ularning murojaatlarida mantiq yo‘q. Ayrim shaxslarning hasadi sabab mana uzoq yillardan buyon tinchimiz buzilgan», – deydi fan doktori.

Omiljon Odiljonov o‘ziga qarshi anonim tarzda, shaxsi ochiqlanmay yozilayotgan bunday so‘zlar yolg‘onligi, o‘sha noma'lum shaxslar unga nisbatan jinoyat qilishayotganini aytmoqda.

Mazkur hududda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yong‘in xavfsizligi qoidalariga qay darajada muvofiqligi yuzasidan tegishli mutaxasssislar fikri bilan qiziqdik. Mutasaddilar bu masala avval ham bir necha marta ko‘rib chiqilgani, qurilishlar qonun doirasidaligi va hech qanday yong‘in xavfsizligi talablariga zid emasligini ma'lum qilishdi.

Qiziq holat. «O‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin», deydi dono xalqimiz. Bir kishiga tuhmat qilish uchun ham jamiyat orasida, ham qonun oldida javobgarlik bor. Ustiga-ustak, ayni o‘zgarishlar zamonida oldimizda «bir quchoq» muammolar turganida, bu muammolarni tezroq hal qilish uchun sutkaning 24 soati ham kamlik qilayotganida, afsuski, mana shunday tegishli mutasaddi tashkilotlar, huquqni muhofaza qilish xodimlari va jurnalistlarning vaqtini uvol qilish hollari ham uchrab turmoqda.

P.S. Agar asosli ma'lumotlarga ega bo‘lsa, «Adolat izlab» nomi ortidagi anonim murojaatlar egasi uchun nashrimiz eshiklari doimo ochiq. Biz bu inson bilan yuzma-yuz ko‘rishishga doim tayyormiz.

Bahodir Ahmedov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top