21:22 / 17.10.2019
0
3190

Dilshod Axatov O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Yangi Zelandiya elchisi bilan uchrashdi

2019 yilning 17 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov Yangi Zelandiyaning favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Ien Aleksandr Hill bilan uchrashdi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Yangi Zelandiya munosabatlarining istiqbollari muhokama qilindi, o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yuqori darajaga ko‘tarish uchun yangi yo‘nalishlarni birgalikda izlashga ikki tomon ham tayyorligi tasdiqlandi.

Savdo aylanmasi hajmlarini oshirish, qishloq xo‘jaligi, muqobil elektr energetika, turizm, ta'lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilmiy tadqiqotlar sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish mexanizmlarining amaliy jihatlari to‘g‘risida fikr almashildi.

Suhbatda xalqaro tashkilot va tuzilmalar, jumladan BMT doirasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zbekistonda diplomatik missiyasini yakunlayotgani munosabati bilan elchiga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirildi.

Ien Aleksandr Hill o‘z navbatida O‘zbekistondagi faoliyati doimiy ravishda qo‘llab-quvatlangani uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top