18:10 / 17.10.2019
1
3418
Hududlarda aholi orasida qandli diabetni aniqlash bo‘yicha skrining o‘tkazilmoqda

Toshkent shahrida «XXI asr qandli diabeti. Global muammolar. Mahalliy yechim» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va O‘zbekiston endokrinologlarining milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy endokrinologlar bilan birgalikda Rossiya, AQSh, Gruziya va Ukrainaning shu sohadagi yetuk mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.

«Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda 425 milliondan ortiq odam diabet bilan og‘rimoqda, ularning aksariyatini 2-tur qandli diabet tashkil qiladi. Eng achinarlisi, ularning har ikkinchisi o‘z kasalligi haqida bilmaydi. Ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qandli diabetni XXI asr epidemiyasi deb e'lon qilgan.

O‘zbekistonda diabetli bemorlar soni 245 mingdan oshgan bo‘lib, ularning 2,3 mingdan ortig‘ini bolalar va 879 nafarini o‘smirlar tashkil qiladi. Mamlakatning qator hududlarida o‘tkazilgan skrining natijalariga ko‘ra, aslida diabetli bemorlar soni rasmiy statistikadagidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu esa endokrinologlarni ushbu masalaga jiddiy yondashishga, kasallikni erta aniqlash, davolashning innovatsion usullardan foydalanishga undaydi. Ushbu ilmiy-amaliy anjumanning maqsadi qandli diabet muammosiga endokrinolog, nevrapotolog, okulist, qon-tomir jarrohi kabi mutaxassislarning e'tiborini jalb qilish va birgalikda yagona, zamonaviy yondashuvlar ishlab chiqish, tajriba almashishdan iborat.

Tadbirda ta'kidlanganidek, zamonaviy tibbiyotning ustuvor vazifalaridan biri davlat va jamiyat uchun katta ma'naviy va moddiy zarar keltiruvchi og‘ir tibbiy-ijtimoiy kasalliklar hamda ularning asoratlari oldini olishdir. So‘nggi uch yil davomida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish, jumladan, endokrinologik xizmat sohasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Tizimni takomillashtirishga oid farmon va qarorlar qabul qilindi. Endokrinologik muassasalar tajribasiga endokrin kasalliklar tashxisi va davosining bir qator zamonaviy usullari joriy etildi. Endokrinologik patologiya profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash, endokrin kasalliklarni oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida Milliy dastur, chora-tadbirlar kompleksi, «Yo‘l xaritasi» loyihasi tayyorlandi, shuningdek, Milliy dasturning 2019–2023 yillarga mo‘ljallangan asosiy vazifalari belgilangan.

Qandli diabetning surunkali asoratlarini kamaytirish, ularni yuzaga kelishini kechiktirish va bemorlar hayot sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan onlayn-registr ishlab chiqilmoqda. Viloyatlarda 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabet skriningi o‘tkazilmoqda.

Anjuman doirasida Andijon, Buxoro, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham qandli diabet va uning asoratlarini tashxis qilish va davolashga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy simpoziumlar bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, hududlardagi endokrinologlar uchun poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan anjumandagi chiqishlarning onlayn-translatsiyasi tashkil qilingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top