18:30 / 17.10.2019
3
19901
Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va ularga yechimlar - Toshkent viloyati hokimi bilan suhbat

Kun.uz’ning mahalliy hokimliklar va boshqa davlat idoralari rahbarlari bilan suhbatlari davom etadi. Saytning navbatdagi suhbatdoshi Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov bo‘ldi.

Hokim bilan suhbatimiz joylarda Toshkent viloyati aholisini qiynab kelayotgan turli masalalar, xususan, kanalizatsiya muammolari, hududlarda ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalarining to‘la quvvat bilan ishlamayotgani, aholining uy-joyga muhtoj qatlamini uy-joy bilan ta'minlash, shuningdek, Toshkent viloyati hududidan chiqarilib, Toshkent shahar boshqaruviga o‘tgan hududlardagi hujjat ishlari, turizmni rivojlantirish hamda boshqa masalalar haqida kechdi.

«Ishlab chiqarish korxonalarining yopilib ketishiga, aksariyat hollarda bozordagi raqobat sabab bo‘lmoqda»

Shu yilning 18 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining spikeri ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada ayrim tumanlar (Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Quyi Chirchiq)da tadbirkorlik sub'yektlari soni o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygani, faoliyat olib borayotgan 798ta sanoat korxonasi tomonidan yillik quvvatiga nisbatan 30 foizgacha foydalanib kelinayotgani keskin tanqid ostiga olindi. Bu kamchiliklarning sababi, shuningdek, uning yechimlari bo‘yicha nima ishlar qilinayotgani bilan qiziqdik.

Bu borada Rustam Xolmatov o‘z kuzatuvlari orqali fikrlarini ifodaladi.

Yaxshi bilamiz, xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmas ekan, ijtimoiy muammolar yechimi, mahalliy tushumlar, bandlik masalasida muammolar kelib chiqaveradi.

Bugun Toshkent viloyatida 64 ming kichik tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat olib bormoqda. Shulardan 400ga yaqini siz aytganingizdek, kam quvvat bilan ishlayapti. 6000ga yaqini faoliyat ko‘rsatmayotgani ham bor gap. Biz vazirlik va idoralar bilan birgalikda bularning sabablarini o‘rganib chiqdik.

O‘tgan yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, 345ta yangi korxona ishga tushgan bo‘lsa, bu yil deyarli ikki barobar ko‘proq kichik biznes subektlari ishga tushirilgan. Bu albatta budjetga tushumlarni, ish o‘rinlari sonini oshirdi, lekin ijtimoiy muammolarni to‘la yechdi degani emas.

Biz korxonalarning yopilib ketish sabablarini o‘rganib chiqdik. Unga ko‘ra, ayrim tadbirkorlarda mablag‘ yetishmovchiligi, ayrimlari esa bugungi bozor raqobatlariga bardosh berolmaslik sababi bilan yopilib ketmoqda.

 Albatta, biz ularga turli tomondan yordam ko‘rsatish ustida ishlayapmiz.

O‘rganishlarda yana shu narsa aniq bo‘ldiki, joylarda 7405ta bo‘sh turgan binolar aniqlandi.

Biz hozirda bu binolar va maydonlarga investitsiyalar kiritish orqali bu yo‘nalishda ham katta o‘zgarishlar qilishga harakat qilyapmiz.

«Zangiota tumanidan Sergeli hududiga berilgan hududlarning hujjatlashtirish ishlari tez orada yakuniga yetadi, bu nazoratda»

Avvalroq Toshkent viloyatining ayrim xududlari viloyat tasarrufidan chiqarilib, Toshkent shahar boshqaruviga o‘tkazilgan edi. Masalan, Zangiota tumanidan Sergeli hududiga berilgan hududlar.

Saytimizga kelgan murojaatlarga ko‘ra, hududlar bo‘yicha hali hanuz hujjatlashtirish ishlarida muammolar kuzatilmoqda va bundan ko‘pchilik insonlar aziyat chekmoqda. Rustam Xolmatovdan mazkur hujjatlashtirish ishlari qachon to‘la o‘z nihoyasiga yetkazilishini so‘radik.

Yuqorida aytganimdek, avval Toshkent viloyatining markazi shahar hududida edi va bu holat keyinchalik ham ko‘plab muammolarni yuzaga chiqardi. Shunday muammolarni hal qilish maqsadida ayrim tadbirlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keldi.

Jumladan, Zangiota tumanidan aynan Sergeli hududiga kirib ketgan yerlar bor edi. Bu hudud 428 gektarni tashkil qilardi va bu hududlar Sergeli hududiga o‘tdi.

Hozirda ikki tuman mutasaddilari mazkur holatning hujjatlashtirish ishlari ustida ishlashmoqda. Gaz tarmoqlari, elektr liniyalarini va boshqa ayrim obektlarni ko‘chirish ishlari ham olib borilmoqda. Bu ishlarni tezlashtirishga harakat qilamiz.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top