10:35 / 17.10.2019
1
11999
OAV to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri: yashirin audiodan foydalanish holatlari aniqlashtirilmoqda
Foto: Shutterstock

 «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi. Tegishli hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan.

 Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

 ommaviy axborot vositalarining erkinligi;

 ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub'yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi;

 ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

 ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sohasida so‘z erkinligi, oshkoralik va ochiqlik;

 ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste'mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi.

Ommaviy axborot vositalarining erkinligi

 O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir.

 Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e'tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

 Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

 Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 Ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub'yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi

 Ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub'yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligi davlat himoyasida bo‘ladi.

 Ommaviy axborotlar vositalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda boshqa imtiyozlar berilishi mumkin.

 Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

 Davlat ommaviy axborot vositalarini quyidagi yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashi mumkin:

 soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar berish;

 davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

 moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish;

 tahririyatlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

 ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish;

 ommaviy axborot vositalarini mulkiy, axborot, maslahat, tashkiliy va o‘quv-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;

 tahririyatlar xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

 Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashdan ommaviy axborot vositalarining mustaqil kasbiy faoliyatini cheklab qo‘yish uchun foydalanilishi mumkin emas.

 Tsenzuraga yo‘l qo‘yilmasligi

 O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E'lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.

 Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste'mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi

 Ommaviy axborot vositalaridan:

 O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da'vat qilish;

 urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilish;

 davlat siri bo‘lgan ma'lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

 milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatish;

 agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

 pornografiyani targ‘ib etish;

 qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

 Noqonuniy xatti-harakatlar (harakatsizlik) natijasida jabrlangan voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi, shu jumladan uning familiyasi, ismi, otasining ismi, fotosurati va video tasvirlarini, ovozining audio yozuvi, uning ota onasi va boshqa vakillari, tug‘ilgan sanasi, doimiy turar joyi yoki vaqtinchalik turar joyi, o‘qish yoki ish joyi haqidagi ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida shuningdek axborot va telekommunikatsiya tarmoqlarida tarqatilishi taqiqlanadi. Bunday voyaga yetmagan shaxsning shaxsini bevosita yoki bilvosita aniqlash ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

 Ommaviy axborot vositalaridan jinoiy va ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

 Ommaviy axborot vositalarining tili

 O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatini “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.

 Davlat ommaviy axborot vositalarini tashkil qilish va tarqatishda, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq, har bir insonning o‘z ona tilidan foydalanish huquqini ta'minlaydi.

 Ommaviy axborot vositalarida u chiqarilayotgan tilning rasmiy qoidalariga amal qilinishi shart.

 Ommaviy axborot vositasini ta'sis etish

 O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari, ularning birlashmalari ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish huquqiga egadirlar. Ommaviy axborot vositalari yuridik shaxs shaklida ham, yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi shaklida ham ta'sis etilishi mumkin. Ommaviy axborot vositasi bir nechta muassis tomonidan ham ta'sis etilishi mumkin.

 Jismoniy shaxslar ommaviy axborot vositasining muassisi bo‘lganda tegishli shartnoma asosida o‘zi muassisi bo‘lgan va/yoki boshqa ommaviy axborot vositalariga nisbatan tahririyat, muharrir, jurnalist, noshir, tarqatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.

 Quyidagilar ommaviy axborot vositasining muassisi (bundan buyon matnda muassis deb yuritiladi) bo‘lishi mumkin emas:

 o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs;

 qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs;

 faoliyati qonun bilan taqiqlangan nodavlat notijorat tashkiloti.

 Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz va undan ortiq foizni tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari ta'sis etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi

 Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga belgilangan tartibda muassis tomonidan beriladi.

 Muassisning ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.

 Ommaviy axborot vositasi vakolatli organ ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalarining reyestriga tegishli yozuv kiritgan paytdan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan hisoblanadi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tegishli qaror qabul qilingan kuni ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalarining reyestriga yozuvlar kiritilishini ta'minlashi shart.

 Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik hamda qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda davlat boji olinadi.

 Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish

 Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

 ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari qonun hujjatlariga zid bo‘lsa;

 ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ushbu Qonunga muvofiq ommaviy axborot vositasini ta'sis etish huquqiga ega bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxs nomidan berilgan bo‘lsa;

 ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada ko‘rsatilgan ma'lumotlar haqiqatga mos kelmasa;

 bundan avval aynan bir xil yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash nomdagi ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.

 Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, qaror chiqarilgandan keyin bir kun ichida arizachiga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda bildirish yuboriladi (topshiriladi), unda rad etish sabablari, shuningdek arizachi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

 Muassis ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

 Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish

 Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

 Quyidagilar ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘ladi:

 ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi;

 agar ommaviy axborot vositasi bir yildan ortiq vaqt davomida nashr etilmagan bo‘lsa (efirga uzatilmagan bo‘lsa);

 agar tahririyat ustavi yoki uning o‘rnini bosadigan shartnoma ommaviy axborot vositalarida birinchi marta e'lon qilingan (efirga qo‘yilgan) kundan boshlab uch oy mobaynida ro‘yxatga olish organiga yuborilmagan bo‘lsa;

 agar ommaviy axborot vositasi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.

 Bunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi shart. Sudning ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida qarori kuchga kirgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ommaviy axborot vositalarining yagona reyestriga tegishli yozuv kiritadi.

 Jismoniy shaxs vafot etgan yoki ommaviy axborot vositasining ta'sischisi bo‘lgan va ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq huquq va majburiyatlari tahririyatga o‘tkazilmagan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatiladi.

 Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalarining reyestriga tegishli shaxsni vafot etganligi yoki yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga yuridik shaxsning tugatilganligi to‘g‘risida ma'lumot kiritilgan paytdan boshlab bir yil o‘tgandan keyin ommaviy axborot vositalarining yagona reyestriga tegishli yozuv kiritadi.

 Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi ma'lumot ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi kerak.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish

 Ommaviy axborot vositasining faoliyati faqat muassisning qarori bilan yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning arizasi asosida sudning qaroriga ko‘ra to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi mumkin.

 Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tahririyat ustavida (nizomida) yoki muassis va tahririyat o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda to‘xtatib turish yoki tugatishga haqlidir.

 Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin o‘z qarori haqida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni uch kun ichida yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor etishi shart. Mazkur xabarnoma ushbu ommaviy axborot vositasi chiqarilishining to‘xtatib turilishi yoki tugatilishidan oldingi so‘nggi chiqarilishlaridan biriga joylashtirilishi kerak.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini sud qaroriga ko‘ra to‘xtatib turish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan tahririyatga nisbatan chiqarilgan ogohlantirishga sabab bo‘lgan qonun hujjatlari buzilishi takroriy yozma ogohlantirishdan keyin bir oy ichida bartaraf etilmagan taqdirda amalga oshiriladi.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini qayta boshlash ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ aniqlagan qonun hujjatlari buzilishlari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma'lumotlar muassis va (yoki) tahririyat tomonidan sudga taqdim etilganidan keyin sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish to‘g‘risida sud tomonidan qaror chiqarish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

 ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlari to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan muassis va (yoki) tahririyat nomiga ilgari kamida ikki marta yozma ogohlantirish yoki taqdimnomalar yuborilganidan keyin bir yil davomida bunday qonunbuzilishlarning takror sodir etilganligi;

 sudning ommaviy axborot vositasini chiqarishni to‘xtatib turish haqidagi qarori bajarilmaganligi;

 ommaviy axborot vositasining olti oydan ziyod vaqt mobaynida chiqarilmaganligi;

 qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilishiga sabab bo‘ladi.

 Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish to‘g‘risida muassis tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, tahririyat muassisning ruxsati bilan xuddi shunday nomdagi ommaviy axborot vositasini belgilangan tartibda ta'sis etishga haqlidir. Bunday holda ommaviy axborot vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinadi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organidir.

 Vakolatli davlat organi:

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

 ommaviy axborot vositalari (davriy nashrlar, axborot agentliklari

va Internet nashrlari)ni ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshiradi;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

 ro‘yxatdan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalarining reyestrlarini yuritadi;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasi sub'yektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda uslubiy va maslahat yordami ko‘rsatadi;

 davlat organlari tomonidan tashkil etiladigan ommaviy axborot vositalari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni maqbullashtirish va ilg‘or innovatsiyalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

 jurnalistlarni akkreditatsiya qilish qoidalarini tasdiqlaydi;

 O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

 ommaviy axborot vositalari faoliyati monitoringini yuritadi;

 O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatiladigan xorijiy davriy nashrlarning hisobini yuritadi;

 ommaviy axborot vositalari sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;

 vakolatli davlat organi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

 Ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat

va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ijro etilishi uchun majburiydir.

 Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi

 Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Bironta ham yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositalarining tegishli markaziy yoki mahalliy bozoriga chiqariladigan ommaviy axborot vositalarining yigirma besh foizidan ortig‘iga muassis (hammuassis) bo‘lishga va (yoki) ularni shuncha miqdorda o‘z mulkida, egaligida, foydalanishida, tasarrufida, yurituvida yoxud boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.

 Axborotning maxfiyligini ta'minlash

 Tahririyat o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan berilgan axborot, ma'lumotlar, faktlar yoki dalillar manbaining nomini, shuningdek taxallusini qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas, bundan mazkur ma'lumot sud tomonidan, unda ko‘rib chiqilayotgan ish bilan bog‘liq tarzda talab qilingan holatlar mustasno.

 Tahririyat axborot manbaining yoki taxallusini qo‘ygan muallifning talabiga binoan ularning nomidan sudda ishtirok etishi mumkin.

 Tahririyat tarqatilayotgan xabar va materiallarida jinoyatni sodir etgan yoki jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan voyaga yetmagan shaxsning, shuningdek, ma'muriy huquqbuzarlik yoki jamiyatga qarshi haraktlar qilgan shaxsning nomini bevosita yoki bilvosita ko‘rsatuvchi ma'lumotlarni voyaga yetmagan shaxsning va uning huquqiy vakilining roziligisiz oshkor etish huquqiga ega emas.

 Tahririyat ushbu qonunning 10-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan axborotni, o‘z tarqatayotgan xabarlar va materiallarida berishga haqli emas, agar ushbu axborot qonunga xilof xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli jabrlangan voyaga yetmagan shaxsning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tarqatilayotgan bo‘lsa, bunday holatlar bundan mustasno. Bunday holatlarda ushbu axborotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida:

 qonunga xilof xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli jabrlangan,

o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxsning o‘z roziligi va uning huquqiy vakilining roziligi bilan;

 qonunga xilof xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli jabrlangan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan shaxsning huquqiy vakilining roziligi bilan;

 agar ushbu rozilikni olish mumkin bo‘lmasa, yoxud o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili mazkur huquqbuzarlikni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan bo‘lsa, qonunga xilof xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli jabrlangan, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxsning va (yoki) uning huquqiy vakilining roziligisiz tarqatilishi mumkin.

 Yashirin yozuv

 Yashirin audio va video yozuvlar, kino va fotosuratlar yordamida tayyorlangan xabarlar va materiallarni tarqatishga quyidagi hollarda ruxsat beriladi:

 yashirin yozuvdagi shaxslarning o‘z roziligi bilan;

 agar yashirin yozuv shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga, qonuniy manfaatlariga zid kelmasa;

 agar jamoat manfaatlarini himoya qilish zarur bo‘lsa va yashirin yozuvdagi shaxslarni aniqlash mumkin bo‘lmasligi choralari ko‘rilsa;

 agar yozuvni namoyish qilish sudning qarori bilan amalga oshirilgan bo‘lsa.

 Raddiya berish va javob qaytarish huquqi

 Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e'lon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha'ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma'lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.

 E'lon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar mazkur ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javobni e'lon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob berilishiga sabab bo‘lgan material bosilgan ayni o‘sha sahifada maxsus rukn ostida e'lon qilinishi kerak.

 Raddiya yoki javob gazetalarda ular olingan kundan e'tiboran bir oy ichida, boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda e'lon qilinishi shart.

Tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan o‘sha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan e'tiboran bir oydan kechiktirmay efirga beriladi.

 Agar raddiya yoki javobni e'lon qilish hajmi va vaqti ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, matnni axborot manbai yoki muallif bilan kelishilgan holda asoslangan tahrir qilishga yo‘l qo‘yiladi.

 Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni e'lon qilishdan bo‘yin tovlasa yoxud ularni e'lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da'vo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top