11:23 / 17.10.2019
0
37338

O‘zbekistonliklar qaysi xorijiy shaharlarga eng ko‘p parvoz qilishlari ma'lum qilindi 

Aviachiptalar va mehmonxonalar buyurtirish xizmatini ko‘rsatuvchi Aviasales.uz ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ko‘proq Moskva, Seul va Olmaotaga parvoz qiladilar.

Aviasales.uz tahlilchilari joriy yil boshidan aviachiptalar bronlanishini o‘rganib chiqib, o‘zbekistonliklar orasida eng talabgir aviayo‘nalishlarni aniqlashgan.

1-o‘rinni Moskva egallagan. Rossiya poytaxtiga Toshkentdan borib-kelish aviachiptasi o‘rtacha 2,9 mln so‘mga aylanadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Moskva o‘zbekistonlik sayohatchilarga Yevropaga safarni davom ettirishga imkon beruvchi Toshkentga eng yaqin transport tuguni hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar orasida talabgirlik bo‘yicha 2-o‘rinni aviachiptalar qimmatligiga qaramay Seul egallagan. Janubiy Koreya poytaxtiga Toshkentdan parvoz narxi o‘rtacha 6 mln so‘mni tashkil qiladi. 

Olmaotaga parvoz eng arzon yo‘nalish deb topilgan. O‘zbekistonlik yo‘lovchilar ushbu shaharga 1,9 mln so‘mga borib-kelishlari mumkin.

4-o‘rinni Sankt-Peterburg (aviachipta narxi 3,8 mln so‘m), 5-o‘rinni Istanbul (4,6 mln so‘m) egallagan.

Shuningdek, Qozon va Dubay ham talabgir yo‘nalishlardan hisoblanib, bu shaharlarga va ortga 3,6 mln so‘mga parvoz qilish mumkin. 

Yana bir arzon yo‘nalishlardan biri Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton bo‘lib, o‘zbekistonliklar ushbu shaharga 2,2 mln so‘mga uchib-qayta oladilar. 

Talabgir yo‘nalishlar orasida 9-o‘rinni Kiyev (5 mln so‘m), 10-o‘rinni Pekin (6 mln so‘m) egallagan. 

Mutaxassislar aviachiptalarga chegirmalarni qo‘ldan chiqarmaslik va o‘rtacha narxdan arzonroq chiptalar sotib olish uchun arzon narxlar xaritasidan foydalanishni tavsiya qiladilar. Xarita eng hamyonbop yo‘nalishni va parvoz uchun eng yaxshi vaqtni aniqlab olishga imkon beradi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top