18:34 / 17.10.2019
1
6402
«Universitet 3.0» modeli O‘zbekiston oliy ta'limiga nima uchun kerak? Vazirlik rasmiysi izoh berdi

Ta'lim tizimida mavjud «Universitet 1.0» modeli faqat ta'lim berish bilan cheklanadi. «Universitet 2.0» - ta'lim  berish va ilmiy tadqiqot ishlari olib borishni o‘z ichiga oladi.

«O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, mamlakatda bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan «Universitet 3.0» modeli esa ta'lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlarni tijoratlashtiruvchi model hisoblanadi. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

Vazirlik ilmiy-tadqiqot ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Ismoilovning ta'kidlashicha, «Universitet 3.0» modelida universitet o‘zida qilingan ilmiy-tadqiqot natijasini o‘zi ham sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Masalan, OTM alohida texnopark ochib, ilmiy ishlanmalar yaratishi va  bevosita ishlanmalarining tijoratlashuvini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bunda bitiruvchilarga nafaqat bilim berilishiga va uni realizatsiya qilishga ham erishiladi.

«Oliy ta'lim vazirligi tomonidan 2018 yil martdan buyon «Ilm-fan 20-20» loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida o‘qituvchilarni ilmiy ma'lumotlar bilan ta'minlash va ilmiy maqolalarni talab darajasida yozishga malakasi yetarli bo‘lmagan kadrlarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Ayni paytda, afsuski, eng ishonchli xalqaro 23,5 mingdan ortiq jurnallar orasida o‘zbek ilmiy jurnallari yo‘q. Shuning uchun bu borada mamlakat ilmiy jurnallarini Scopus bazasiga kiritish mo‘ljallangan. Bu bilan OTMlarning nufuzi ham oshadi», - deya yangiliklar haqida ma'lumot berdi vazirlik ilmiy-tadqiqot ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Ismoilov.

Shuningdek, konsepsiyaga ko‘ra, nodavlat-notijorat shaklidagi Respublika Oliy ta'lim kengashi ham tuzilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari jamoatchilik va ish beruvchilar fikrini o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy ta'lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, qo‘llanilayotgan ta'lim-tarbiya usullari ta'sirchanligiga xolisona baho berish kabilarni o‘z ichiga oladi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top