16:43 / 17.10.2019
5
31558

Urganch-Toshkent-Urganch yo‘nalishidagi poyezd safari taassurotlari – yutuq va kamchiliklar

Maqolada reyslarning jadvali, vokzallardagi vaziyat, vagonlarning holati va safar davomida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati haqidagi xulosalar bilan tanishishingiz mumkin.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ – yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha mamlakatimizning eng yirik monopolistlaridan biri. Xo‘sh, uning xizmatlaridan foydalanish yo‘lovchilar uchun qanchalik qulay?

Urganch – Toshkent – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha poyezdda qilgan safarim davomida ko‘rgan-kechirganlarim asosida bu savolga javob topishga baholi qudrat harakat qildim.

Shu oy ish yuzasidan Urganchdan Toshkentga safar qilishimga to‘g‘ri keldi. Buning uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi xizmatini tanladim. So‘nggi 12 yilda birinchi marta poyezdda safarga chiqqanim bois, yuz bergan o‘zgarishlarni kuzatish va ba'zi xulosalar chiqarish men uchun qiziq bo‘ldi.

Xorazmdan Toshkentga yetib olishni istagan yo‘lovchilar oldida bir necha variantlar bor. Ular orasida poyezd eng ommabopligicha qolmoqda. Asosiy sabablar – narxlarning mo‘'tadilligi va maishiy qulaylikka egaligi.

Taqqoslashingiz mumkin, hozirgi vaqtda Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha samolyotda parvoz qilish uchun kamida 425 ming so‘m to‘lashingiz lozim bo‘ladi. Agar avtobusda yo‘lga chiqsangiz – 115 ming so‘m. Xususiy taksichilar sizni talab va taklifdan kelib chiqib 130-150 ming so‘mga manzilga yetkazadi. Poyezdning platskart vagoniga esa 120-140 ming so‘mga chipta olishingiz mumkin.

Bundan tashqari, vagonda safar qilishning maishiy qulayligi ham bor – unda bemalol oyoqni uzatib, yotib, dam olib ketsa bo‘ladi. Shu jihatdan olganda, poyezdda safar qilish avtobus yoki taksidan ko‘ra ancha ustunlikka ega.

Avvalo «O‘zbekiston temir yo‘llari» xizmatlarining ijobiy tomonlari haqidagi xulosalarimni bayon qilaman.

Xorazmdan Toshkentga qo‘yilgan reyslar jadvalining qulayligi alohida e'tirofga loyiq. Kechga yaqin poyezdga o‘tirib, taxminan 14 soatdan keyin, ertalab soat 7-00 atrofida Toshkentga yetib olish mumkin. Bu esa ishga, o‘qishga, shifoxonaga yoki boshqa yumush bilan otlanganlar uchun juda qulay. Davlat idoralari, institutlar, poliklinikalar ish boshlagunga qadar, tong bilan manzilga yetib olish mumkin.

Aksincha yo‘nalishda – Toshkentdan Xorazmga qo‘yilgan reyslar jadvali ham qulay. Poyezd soat 20-30da yo‘lga chiqadi. Ya'ni kuni bilan barcha ishlarni tugatib, kechqurun bemalol vokzalga yetib olish, poyezdga o‘tirib, yo‘lga chiqish mumkin. Jadvalning bunday tuzilishi ertalab Toshkentga borib, kuni bilan zarur ishlarni tugatib, kechqurun yana poyezdga o‘tirib, Xorazmga qaytish imkonini beradi.

Vokzalga kirish va poyezdga o‘tirish uchun 5-10 daqiqa vaqt sarflaysiz. Ikkita post orqali yo‘lovchilarni va bagajni tekshirish, ro‘yxatdan o‘tkazish maksimal darajada tezkorlik bilan amalga oshiriladi. Tekshiruvchilar ham xushmuomalaligi bilan ajralib turadi. Albatta, bu yoqimli holat.

Safar davomida poyezdning harakati silliq va tekis ekani e'tiborimni tortdi. So‘nggi yillarda temir yo‘llar ta'mirlanib, tekislanib, ancha yaxshi holatga keltirilgan, poyezdning yuqori tezlikda va bir tekis harakatlanishi uchun sharoit yaratilgan. Bu ham yo‘lovchilar uchun qulay. Avvallari vagonning kuchli chayqalishi natijasida kechasi uxlash qiyin bo‘lgan holatlarni eslayman. Bugungi kunda bunga barham berilgan.

Vagonga o‘tirganingizdan so‘ng toza choyshab, yostiqjild va sochiqni sellofan paketga o‘ralgan holda olasiz. To‘shak va yostiqlar holati ham yaxshi. Vagonda samovar qaynab turadi. Qaynatilgan suv har doim bor. Safarning boshidan oxiriga qadar choy, kofe damlab ichish imkoniyati mavjud. Suv tamom bo‘lib qolishi yoki sovib qolishi kabi holatlar yo‘q.

Mana shular bilan poyezd safaridagi jozibalar tugaydi. Endi ta'bni xira qilgan kamchiliklarga to‘xtalamiz.

O‘zbekiston temir yo‘l vokzallaridagi perronlar – yo‘lovchi platformalari juda past. Agar vagonga chiqmoqchi yoki undan tushmoqchi bo‘lsangiz, taxminan 1,5 metr balandlikdagi tikka zinadan foydalanishingizga to‘g‘ri keladi. Bu – keksalar, kasallar, nogironligi bor shaxslar va yukli yo‘lovchilar uchun juda noqulay va xavfli. Dunyoning zamonaviy vokzallarida perron bilan poyezd bo‘sag‘asi sathi teng qilingan – barchasi yo‘lovchilar qulayligi uchun. O‘zbekistonda bunday perronni uchratmaganman.

Poyezd bo‘sag‘asi bilan perronning sathi teng bo‘lgan holat (Moskva, Belorussiya vokzali)

Toshkent «Janubiy temir yo‘l vokzali»dagi bir holat e'tiborimni tortdi. O‘zbekistonning eng katta vokzallaridan birida poyezdlar qatnovi ko‘pligi tabiiy. 3-4ta poyezd bir vaqtning o‘zida kelsa, 3-4ta yo‘lda turib qoladi. Keyingi yo‘llarda turgan poyezdlarga qanday o‘tish mumkin? «Janubiy temir yo‘l vokzali»da bu muammo yer osti yo‘li orqali hal qilingan. Ya'ni 2-3-4-yo‘llarda turgan poyezdlarga chiqish uchun juda chuqur va noqulay bo‘lgan yer osti yo‘lidan o‘tib borishingizga to‘g‘ri keladi. Bu – taxminan 3-qavatga chiqib-tushish bilan barobar.

Albatta, bu keksalar, kasallar, nogironligi bor shaxslar, yuki og‘ir yo‘lovchilar uchun juda noqulay. Bunday vaziyatda yer osti yo‘lini eskalator bilan ta'minlash ham mumkin-ku? Yoki poyezdga faqat yosh, navqiron va sog‘lom odamlar chiqadimi?

Platskart vagonning sanitariya holatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Yo‘lovchilar vagonga kirib, joylariga o‘tirib olganidan so‘ng, birpasda havoga chang ko‘tarildi, odamlar yo‘tala boshladi.

Toshkentga borishda bir ayol qovoq somsa yeb, ikkitasini orttirib, paketga solib, vagonda qoldirib ketgan edi. Tasodifni qarang, Urganchga qaytishda ham xuddi shu vagonga, shu joyga o‘tirdim va yana shu somsalarni ko‘rdim. Kimdir to‘shakning orasiga tiqib qo‘ygan ekan. Demak, vagon 13 soat davomida tozalanmagan ekan-da?

Platskart vagon 54 yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, atigi 3-4ta choynak va 10-15ta stakan bor ekan. Provodnik (vagon kuzatuvchisi) yo‘lovchilarga choynak va stakanlardan navbati bilan foydalanishni tavsiya qildi. 54 yo‘lovchi navbati bilan choynak va stakanlardan foydalanib, choy ichsa, vaqt yarim tungacha og‘ib qoladi-ku?

Yo‘lovchilarga paketchali choy, qand berilishi kerak – ularning qiymati chiptaning narxiga kiritilgan. Ammo buni so‘rasangizgina olasiz. Kichkina qoshiqcha umuman yo‘q ekan. Shakar choyni barmog‘imiz bilan aralashtiramizmi?

Agar choynak va stakanlar, qoshiqchalar yetishmovchiligi bo‘lsa, nega bu haqda oldindan ogohlantirilmaydi – masalan, chipta sotish paytida? O‘zimiz bilan choynak, stakan, qoshiqcha olib chiqardik. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi yo‘lovchilar safar davomida nimalarni bepul olishi mumkinligi haqidagi ma'lumotni vagonga osib qo‘ysa yaxshi bo‘lardi.

Safar boshida vagonning ichi issiq va dim edi. Shu tufayli ko‘rpa (odeyalo) shartmas, choyshabni yopinib, bemalol uxlayman deb o‘yladim. Keyinroq esa bundan qattiq afsuslandim. Tunda vagondagi harorat tushib ketdi. Sovuqda uxlab bo‘lmadi, choyshab bilan yopinib ham isinib ololmadim.

Bu menga o‘ziga xos dars bo‘ldi va Toshkentdan qaytishda provodnikdan ko‘rpa so‘radim. Ammo u vagonda 3-4ta ko‘rpa borligini, u ham tarqatilganini aytdi. Faqatgina poyezd boshlig‘ini chaqirishni, yo‘lovchilarni ko‘rpa bilan ta'minlashni, aks holda chipta uchun to‘langan pulning bir qismini qaytarib berishlarini astoydil talab qilganimdan so‘ng, provodnik boshqa vagonlardan 10-15ta ko‘rpa yig‘ib kelib, bolalar va ayollarga tarqatdi. Qolganlar tunda sovuqda uxladilar.

Nega 54 yo‘lovchiga mo‘ljallangan vagonda atigi 3-4ta ko‘rpa bor? Axir tunda, sovuq tushganida odamlar qanday uxlaydi? Vagonda yosh bolalar, ayollar, keksalar bor edi. Ularning orasida kasallar, nogironligi bor shaxslar bo‘lishi mumkin. Odamlar sovuqda shamollab qolishi, kasali zo‘rayishi mumkin-ku?

Deyarli har birimizda mobil telefon bor. Odamlar poyezdda telefon orqali gaplashib, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilib ketishadi. Bolalar vaqtni o‘tkazish uchun telefonda o‘ynab o‘tirishadi. Ba'zilar kuni bilan ish va yumushdan so‘ng poyezdga chiqishgan. Tabiiyki, telefonlar quvvati ancha pasayadi. Ammo vagonda faqat ikkita rozetka bor xolos.

Biri hojatxonada (elektr ustaralar uchun mo‘ljallangan), ikkinchisi samovarning yonida (zarur hollarda elektr choynakda suv qaynatish uchun). Ular mobil telefonlarni quvvatlantirish uchun mo‘ljallanmagan. Ammo odamlar baribir ulardan foydalanishga urinishdi, navbat va tortishuvlar yuzaga keldi.

Nega yo‘lovchilar uchun mobil telefonlarni quvvatlab olishga sharoit yaratilmagan?

 

20 yil oldin «Rossiya temir yo‘llari» xizmatidan foydalanganman. Demak menda qandaydir taqqoslash imkoniyati bor. Vokzaldagi perron poyezd bo‘sag‘asining sathi bilan teng bo‘lgan. Ortiqcha urinishsiz, bir qadam tashlab, vagonga chiqib olasiz. Vagon ichi ozodaligi bilan ajralib turgan. Provodnik har yarim soatda yo‘lovchilardan xabar olib, choy va qand borligi bilan qiziqib turgan. Vagonda poyezd yo‘nalishining jadvali osib qo‘yilgan edi. Soat nechada qaysi stansiyaga borishi yozib qo‘yilgan. Birorta «quyon» vagonga chiqarilmagan.

Menga Toshkent safari davomida hamroh bo‘lgan yo‘lovchilarning aytishicha, hozirgi paytda «Rossiya temir yo‘llari» poyezdlarida har yarim soatda vagon poli tozalab turilarkan. Bundan tashqari, stolchalar ostida rozetkalar bo‘larkan, yo‘lovchilar mobil telefonlarini bemalol quvvatlantirib olarkan. Bu gaplarning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga baho berolmayman.

Umuman olganda, temir yo‘l orqali sayohat qilish menga ma'qul keldi. Nasib qilsa, keyingi safarlarimda ham «O‘zbekiston temir yo‘llari» xizmatidan foydalanaman va taassurotlarim haqida yangi maqolalar bilan o‘rtoqlashaman.

Nurmuhammad Said

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top