15:44 / 17.10.2019
2
6340
Vazirlik rasmiysi OTM uchun kvotalar soni ko‘paytirilishiga izoh berdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov OTMlarda kvotalar ko‘paytirilishiga izoh berib, buni ish beruvchilarga tanlov imkoniyatini oshirish bilan bog‘ladi.

Bugun, 17 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda qatnashgan vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ish beruvchi va OTM o‘rtasida raqobat bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda qabul kvotalari 50-60 mingtani tashkil qilayotgan bo‘lsa, bu bitta ish o‘rniga bitta kvota belgilanganini bildiradi. Bunda hech qanaqa raqobat bo‘lmaydi va ish beruvchi unga ish berishga majbur bo‘ladi.  

Biroq kvota ko‘paysa, bitta o‘ringa bitta emas, 4-5 nafar talabgor to‘g‘ri keladi. Va shuning bilan ish beruvchiga tanlab olish imkoni yaratiladi.

Texnikaga aloqador yo‘nalishni turli xil OTMlarda tugatgan bitiruvchilar ishga kirish uchun borishganda tanlovdan o‘tgan talabgorgina o‘sha yerda xodim sifatida qoladi. Va u boshqalarga ham o‘zi tugatgan OTMni tavsiya qiladi. Natijada, ish beruvchi va OTM o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Biz mana shu narsaga erishmasak, sifatga baho berish qiyin bo‘ladi», deya vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, universitetlarda moddiy-texnik baza boyitilgani, kredit-modul tizimiga o‘tilgani bilan agar ish beruvchi bitiruvchiga yaxshi baho bermasa, ularning ahamiyati katta bo‘lmaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top