12:31 / 18.10.2019
0
5655
30 ming AQSh dollarini yashirincha olib chiqishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi

Bugungi kunda mamlakatimizdan naqd xorijiy valutalarni noqonuniy tarzda olib chiqilishiga qarshi bojxonachilar tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Ammo ayrim shaxslar tomonidan respublikamizdan naqd xorijiy valutalarni noqonuniy ravishda olib chiqishga bo‘lgan urinishlar hamon ko‘zga tashlanmoqda.

Ana shunday holatlarning bir nechtasi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi chegara bojxona postlari tomonidan aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Jumladan, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro Sh.I.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi va ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Natijada, fuqaro Sh.I. egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda 19700 AQSh dollarini mamlakatimizdan yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishi o‘z vaqtida aniqlandi.

Yana bir holatda “Navoiy” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, qo‘shni davlatga o‘tish maqsadida ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro T.B. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning egnidagi kiyimlari orasiga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda malum qilinmagan 7 200 AQSh dollar naqd xorijiy valutalari yashirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, “S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro M.Sh. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatmasdan, 3550 AQSh dollari naqd xorijiy valutalarini yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishi fosh qilindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top