08:09 / 18.10.2019
1
16139

DXA tekshiruvi natijasida iste'molchilarga 34,5 mlrd so‘m qaytarildi

Foto: KUN.UZ

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida iste'molchilarga 34,5 milliard so‘m qaytarildi. Bu haqda agentlik xabarida aytilgan.

Ta'kidlanishicha, «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasi tomonidan 2018 yil dekabr va joriy yilning yanvar oylarida issiq suv hisoblagichlarning majburiy davlat qiyoslovi muddati yuzasidan iste'molchilar bilan issiq suv uchun hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.
 
Shuningdek, «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15-iyuldagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish» talablariga to‘liq ravishda amal qilinmaganligi oqibatida, qiyoslov hisob-kitob ishlarining yakuniy natijasi fuqarolarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lgan va Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasidan tezkor choralar ko‘rilishiga olib kelgan.
 
Boshqarma tomonidan o‘rganishlar davomida, yuqoridagi qaror talablariga amal qilinmaganlik natijasida «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasi tomonidan 60112 nafar iste'molchilardan 45,8 milliard so‘m noto‘g‘ri hisoblangan mablag‘ undirilishiga sabab bo‘lganligi aniqlandi.
 
Issiq suv hisoblagichlarning majburiy davlat qiyoslovi tugashi munosabati bilan iste'molchilar bilan issiq suv hisob-kitoblari Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15-iyuldagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish» talablarini buzgan holda amalga oshirilganligi tufayli, Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi talabi va taklifidan so‘ng, davlat unitar korxonasi rahbariyati tomonidan qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi hamda uning natijasida 2019 yil aprel oyida 49665 nafar iste'molchilarga 34,55 milliard so‘m miqdorida pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilindi.
 
Kelgusidagi fuqarolar manfaatiga ziyon yetkazilish oldini olish, shu bilan ularning e'tirozlariga sabab bo‘lmaslik va davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida 2019 yil aprel oyida qayta hisob-kitob qilingan barcha iste'molchilarga «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasining tuman bo‘limlari tomonidan qayta hisob-kitoblarni qayta tiklash to‘g‘risidagi xabarnomalar yuborilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top