02:34 / 18.10.2019
2
20907

Markaziy Osiyoda qashshoqlik darajasi pasayishda davom etmoqda, ammo pasayish sur'ati sekinlashmoqda

Markaziy Osiyoda qashshoqlik darajasi pasayishda davom etayotgan bo‘lsa-da, mintaqada uning pasayish sur'ati sekinlashgan. Qashshoqlikning eng yuqori darajasi ishga joylashish imkoniyati cheklangan qishloqlar va chekka hududlarda qayd etilmoqda.

Foto: RIA "Novosti"

Jahon banki tomonidan har yili 17 oktyabrda nishonlanadigan Xalqaro qashshoqlikni tugatish kuni arafasida Markaziy Osiyodagi qashshoqlik darajasi to‘g‘risidagi yangi ma'lumotlar e'lon qilindi.

“Ijobiy holat sifatida aytish mumkinki, Markaziy Osiyoda qashshoqlikni kamaytirish sohasidagi jarayon davom etmoqda. Shu bilan birga, bu jarayon hozirgidan avvalgiga nisbatan ancha sekin. Shu bois barqaror va har tomonlama o‘sishni ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha sa'y-harakatlar mintaqa mamlakatlaridagi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim", - deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk.

2000-yillardan boshlab Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qashshoqlikni kamaytirish borasida sezilarli yutuqlarga erishdilar, ammo buning aksariyat qismi o‘tgan o‘n yillikning dastlabki yillariga to‘g‘ri keladi.

2002 yildan 2009 yilgacha bo‘lgan sakkiz yil davomida Tojikiston va Qirg‘izistonda qashshoqlik darajasi yiliga o‘rtacha 7 foiz punktiga kamaydi - Tojikistonda qariyb 70 foizdan 25 foizgacha va Qirg‘izistonda 20 foizgacha. Biroq shundan so‘ng qashshoqlik darajasi pasayishi keskin sekinlashdi va Tojikistonda yiliga o‘rtacha 1 foizga pasaygan (2019 yilda 25 foizdan prognoz qilinayotgan 13 foizgacha) va Qirg‘izistonda 2009 yildan hozirgi kungacha 20 foiz darajasida qolmoqda.

Qozog‘istonda 2000-yillar boshlarida qashshoqlik darajasi allaqachon past bo‘lgan va 2002 yildan 2009 yilgacha yiliga 4 foiz punktidan pasaygan. Bu vaqtga kelib, mamlakatda kam ta'minlangan davlatlarga nisbatan qo‘llanadigan kuniga 3,20 dollar miqdor ko‘rsatkichi bo‘yicha qashshoqlikka deyarli barham berildi.

Biroq Qozog‘iston mansub bo‘lgan daromadi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan (kuniga $ 5,5) mamlakatlar uchun qo‘llaniladigan ko‘rsatkichdan foydalanilsa, qashshoqlik darajasi 2013 yilda eng past 6 foizga yetgan va o‘shandan buyon 7 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida qashshoqlikni kamaytirish sur'atlarining sekinlashishi qator iqtisodiy muammolarni aks ettiradi, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ish bilan ta'minlash va munosib haq to‘lash borasidagi qiyinchiliklarni ko‘rsatadi. Mintaqada ishsizlik yoki ish haqi kamligidan yoshlar va ayollar eng ko‘p aziyat chekadi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda 15-24 yoshdagi ayollar o‘rtasidagi ishsizlik 25 foizdan ko‘proqni, shu yoshdagi erkaklar orasida esa 13 foizni tashkil etgan. Qirg‘izistonda 15-28 yoshdagi ayollarning 15 foizi ishsiz bo‘lgan va shu yoshdagi erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 9 foizni tashkil etgan.

Yaqinda e'lon qilingan Markaziy Osiyo mamlakatlarining qashshoqlik xaritalari shuni ko‘rsatadiki, qashshoqlik asosan urbanizatsiya markazlari (yirik shaharlar) bilan yaqin aloqada bo‘lmagan qishloq joylarida uchraydi. Bu, ayniqsa, Tojikiston va Qirg‘izistonning qashshoqlik darajasi 40 foizdan yuqori bo‘lgan eng chekka hududlarida dolzarb.

Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoda o‘rta qatlam deyarli to‘laligicha bir qancha yirik shaharlar va ularning atrofida, jumladan Nur-Sulton, Olmaota, Toshkent, shuningdek, bir oz kamroq miqyosda Dushanbe va Bishkekda joylashgan. Mintaqaning barcha davlatlari duch kelayotgan asosiy muammolardan biri - bu barcha fuqarolarning rivojlangan va o‘suvchi mehnat bozoriga ega bo‘lgan ushbu shahar markazlariga kira olishini ta'minlash zaruriyatidir.

Jahon banki odamlarga ishga joylashish imkoniyatini beruvchi, rivojlanayotgan va iqtisodiy jihatdan gullab-yashnayotgan shaharlarda uy-joy sotib olishni ta'minlash , ish haqlari o‘sishini rag‘batlantiruvchi bir qator siyosiy choralarni amalga oshirishni va aholining zaif qatlamlari mehnat bozorida yanada raqobatbardosh bo‘lishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashni tavsiya qiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top