10:29 / 18.10.2019
0
3960
Metro bekatlari ichki dizaynini bekatlar nomiga moslashtirish taklif qilindi 
Foto: Advantour

Toshkent metropoliteni bekatlari ichki dizaynini bekatlar nomlariga moslashtirish taklif etilmoqda. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida e'lon qilindi.

“Eng qulay transport turi bo‘lgan metrodan har kuni minglab yurtdoshlarimiz foydalanishadi. Yozda salqin, qishda esa issiq, poyezdlar o‘z vaqtida harakatlanadi. Toshkent metrosi o‘z davrining eng noyob loyihalari bo‘yicha bunyod etilgan. Metro bekatlarining bir-biriga o‘xshamasligi, ularning keng va baland qurilganligi, chiroyliligi kishini lol qoldiradi. Davlatimiz rahbarining sa'y-harakatlari bilan metropolitenning yangi yo‘nalishlarini qurish bo‘yicha ishlar hozirgi kunda jadal olib borilmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, bugungi kunda mavjud metropolitenning ayrim bekatlari e'tibordan chetda qoldirilgan. 

“Misol uchun, “Istiqlol” san'at saroyining qaytadan “Xalqlar do‘stligi” deb nomlanishi, shuningdek uning atrofida obodonchilik ishlarining olib borilganligi, Shomahmudovlar oilasi monumentining qaytarilishi, respublikadagi eng katta va baland Davlat bayrog‘ining o‘rnatilishi kishilarga quvonch olib keldi va ular zavqlanib dam olib ketishmoqda. Sodda qilib aytganda, ushbu maydon haqiqiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ko‘rsata boshladi. Lekin “Xalqlar do‘stligi” metro bekatida esa buning aksi, ya'ni bekat nomiga taalluqli birorta o‘zgarish bo‘lmagan”, - deyiladi petitsiyada.

Qayd etilishicha, bekatning devorlaridagi 32 ta dumaloq o‘yiqlarning o‘rni devorlarni juda xunuk ko‘rsatadi. Ularning 6 tasi sopoldan ishlangan har xil lavhalar bilan to‘ldirilgan. 

“O‘zbekistonda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, totuvlik bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga asoslanib, Respublikamizning jahondagi, shuningdek MDH, ShHT va BMTdagi tutgan rolini inobatga olgan holda yuqorida qayd etilgan tashkilotlarga a'zo davlatlarning gerblari va bayroqlarining sur'ati “Xalqlar do‘stligi” metro bekati devorlariga joylashtirib chiqilsa, ayni muddao bo‘lardi. O‘zingiz tasavvur qiling, O‘zbekistonning gerbiga yondosh bo‘lib yana 30 ta qo‘shni, do‘st, sherik hamda hamkor bo‘lgan davlatlarning gerblari bekatning ikki tomondagi devorlarini bezab tursa, albatta, ko‘zingiz quvnaydi. Buning tarbiyaviy ahamiyati ham bor nazarimda. Bundan tashqari “Amir Temur xiyoboni” hamda “Mirzo Ulug‘bek” bekatlarida ham bekat nomlariga mos birorta elementlar yo‘q”, - deyiladi murojaatda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent metropoliteni bekatlarini zamon talablaridan hamda bekatlar nomidan kelib chiqib, qayta jihozlash taklif qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top