08:42 / 18.10.2019
0
9557
Moliya vazirligida aholi uchun arzon uy-joylarni qurish bo‘yicha xususiy qurilish tashkilotlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Foto: KUN.UZ

Moliya vazirligida aholi keng qatlamlari uchun arzon uy-joylarni qurish masalalari yuzasidan xususiy qurilish tashkilotlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, u uy-joy qurilishi sohasida raqobatni yanada rivojlantirish, shuningdek ipoteka kreditlash mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini takomillashtirish va kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv ishtirokchilariga uy-joy qurilishi sohasida olib borilayotgan davlat siyosatidagi o‘zgarishlar, shu qatorda xususiy qurilish kompaniyalarini jalb qilish va barcha ishtirokchilarga teng sharoitlar yaratish orqali uy-joy qurilishi sohasida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar yuzasidan ma'lumot berilgan.

Xabarda ta'kidlanishicha, xususiy qurilish kompaniyalari vakillari uy-joylarni moliyalashtirish tizimi, narxlarni belgilash mexanizmlari, import qilingan va mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish, xonadonlar sotilishi holati to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tishdi.

Bundan tashqari, uy-joy qurilishi rejalashtirilgan yer uchastkalari infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi.

Xususiy qurilish kompaniyalari tomonidan qurilayotgan turar-joy komplekslari asosan o‘rta va yuqori daromadli aholiga yo‘naltirilganligi ta'kidlab o‘tildi. Uchrashuv chog‘ida xususiy qurilish kompaniyalari tomonidan aholining keng qatlamlari, shu jumladan, uy-joylar uchun subsidiyalar mexanizmlari doirasida, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun ham mavjudligi masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda bozor tamoyillari asosida aholining barcha toifalari uchun ipoteka kreditlari olish imkoniyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top