17:31 / 18.10.2019
0
3817
O‘zbekistonda aholi uchun allergopasport joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish rejalashtirilmoqda

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 40 foizi allergik kasalliklarga chalingan. Ushbu ko‘rsatkichning muayyan qismini bolalar va o‘smirlar tashkil etadi. 

Toshkent shahrida bolalar allergologlarining I Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.

«Yurtimizda bugungi kunda 150 nafarga yaqin allergolog shifokor faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 11 mayda qabul qilingan «Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohada tub burilish yasadi. 

Mazkur qaror bilan Respublika ilmiy-ixtisoslashgan allergologiya markazining vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari kengaydi. Aholi orasida allergik kasalliklar bilan kasallanishni aniqlash maqsadida markaz tomonidan doimiy populyatsion epidemiologik tekshiruvlar o‘tkazib boriladi. Respublikada allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalar orasida joriy yil yanvar-iyul oylarida «Bolalar allergologiyasi va klinik immunologiyasi» sohasida bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya 3 bosqichda olib borildi.

Mazkur sohada kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yildan boshlab allergologlarning malakasini oshirish va qayta ixtisoslashtirish Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi zimmasiga yuklatildi.

Allergologiya sohasidagi ilmiy-diagnostik, ta'lim, innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirish, xorijiy yetakchi mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, allergik kasalliklarni tashxislash va davolashga molekulyar va boshqa ilg‘or usullarni joriy etgan holda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida poytaxtimizda Molekulyar allergologiya xalqaro markazi tashkil etildi.

Bundan tashqari, ayni paytda mamlakatimiz aholisi uchun allergopasport shakllarini yaratish, mutaxassislar uchun molekulyar allergologiya bo‘yicha maktablar o‘tkazish, bemorlar va ularning ota-onalari uchun esa o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, doimiy ravishda aholi uchun seminarlar, yirik aksiyalar o‘tkazish, shuningdek, oziq-ovqat allergenlari molekulalarini aniqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. 

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda tibbiyotimiz va ilm-fanning ana shunday muhim yutuqlari va jahon tibbiyotining innovatsion texnologiyalariga oid ma'ruzalar tinglandi va muhokama etildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top