08:39 / 18.10.2019
0
1985
O‘zbekistonning Raqobatbardoshlik indeksidagi o‘rni 2021 yildan boshlab aks ettirib borilishi kutilmoqda 
Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasining Global raqobatbardoshlik indeksidagi o‘rni 2021 yildan boshlab aks ettirib borilishi kutilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Jahon iqtisodiy forumining (JIF) Global raqobatbardoshlik indeksi (GRI) mamlakatning iqtisodiy o‘sish istiqbollarini hamda o‘z fuqarolarining yuqori darajadagi farovonligini ta'minlash imkoniyatini baholaydi. Ushbu indeks, o‘z navbatida, davlatning mavjud resurslardan foydalanish samaradorligi darajasini ko‘rsatadi. Lekin, O‘zbekiston Respublikasi GRIga kiritilmagan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Moliya vazirligi Jahon iqtisodiy forumi vakillari bilan birgalikda respublikaning GRIga kiritilishi bo‘yicha ish olib bormoqda.

JIF mutasaddilari bu uzoq jarayon ekanligini ma'lum qilishgan va buning sabablarini quyidagicha izohlashgan:

birinchi bosqichda, 2020 yilning 1 yanvariga qadar JIF O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan nodavlat ilmiy-tadqiqot institutlari, xususiy universitetlar yoki agentliklar orasidan bittasini o‘zining hamkori sifatida tanlab oladi. JIF tomonidan tanlangan tashkilot kichik korxonalar, yirik korporatsiyalar, aksionerlik jamiyatlari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi xorijiy kompaniyalar (filiallari) orasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazadi;

JIFning O‘zbekistondagi hamkor tashkiloti 2020 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari to‘g‘risida hisobot berishi kerak;

Yuqoridagi jarayonlar yakunlanib, hisobotlar topshirilganidan so‘ng, mamlakat 2021 yilda rasmiy ravishda GRIga kiritilishi mumkin. JIF xodimlari tomonidan berilgan izohga ko‘ra, JIF birinchi navbatda olingan so‘rovnoma natijalarini O‘zbekiston ko‘rsatkichlarining haqiqiy tendensiyalari bilan qay darajada mos kelishini tekshirib ko‘rishi zarur. Ikkinchidan, ushbu tendensiyalar maxsus ekspertlar tomonidan 2 yil mobaynida muntazam kuzatilib borilishi va tahlil qilinishi lozim.

JIF tomonidan O‘zbekistonning GRIga kiritish jarayoni 2 yil muddat talab etishini inobatga olib, yuqorida ko‘rsatilgan hamkorlik shartlariga rioya qilgan holda O‘zbekiston Respublikasining GRIdagi o‘rni 2021 yildan boshlab aks ettirib borilishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top