01:17 / 19.10.2019
0
10917
Tramp ayol fazogirlarni tabriklash uchun ochiq koinotga qo‘ng‘iroq qildi 

AQSh prezidenti Donald Tramp NASAning ayol fazogirlari Kristina Kuk va Jyessika Meyrni ochiq koinotga bir vaqtda chiqqan ikki ayol fazogir bo‘lishgani bilan tabriklagani ular ochiq koinotda ishlashayotganda qo‘ng‘iroq qildi.

Foto: AP

Tramp va Xalqaro koinot stansiyasi tashqarisida ishlayotgan astronavtlar o‘rtasidagi aloqa biroz kechikish bilan borgan. “Stansiya, bu prezident Donald Tramp. Meni eshityapsizmi?” deb so‘ragan prezident va aloqadagi ushlanish sababli bir necha soniyadan keyingina Meyrning “Ha. Sizni eshityapmiz” deb javob qilganini eshitgan. 

“Men indamaganingizga biroz xavotirlandim, siz qiziq joydasiz”, deb hazil qilgan Tramp va tabrikning rasmiy qismiga o‘tgan. Jurnalistlarning ta'kidlashicha, oxirgi marta AQSh prezidenti koinotdagi astronavtlar bilan 1969 yilda amerikaliklarning Oyga qo‘nishi vaqtida suhbatlashgan.   

“Bu ikki ayolning ilk bor bir vaqtda koinot stansiyasidan tashqarida bo‘lishi, bortmuhandislar Kristina Kuk va Jyessika Meyr bu bilan sizlarni tabriklamoqchiman. Siz qilayotgan ish aqlbovar qilmasdir, siz juda dovyurak insonlarsiz, men o‘rningizda bo‘lganimda buni qila olardim, deb o‘ylamayman”, deb aytgan Tramp.

O‘z navbatida, Jyessika Meyr “ochiq koinotda ulargacha boshqa ayollar ham bo‘lganini, hozir shunchaki ikki ayol fazogir bir vaqtda stansiyadan tashqarida ishlayotganini” ta'kidlab o‘tgan.

Oq uy bilan aloqa yakunlangach, ayol fazogirlar ochiq koinotda stansiyaga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlarni bajarishni davom ettirishgan. 

Fazogirlar stansiyani Toshkent vaqti bilan soat 17da tark etishgan. Ular stansiyaning AQShga tegishli segmentida energoblokni almashtirish bo‘yicha ish olib borishgan. 

Kuk va Meyr ochiq koinotga chiqqan 14- va 15-ayol fazogir bo‘ldi. Ayol fazogirlardan birinchi bo‘lib ochiq koinotga sobiq ittifoq fazogiri Svetlana Savitskaya 1984 yilda chiqqan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top