12:00 / 20.10.2019
27
20925
«Barcha partiyalar hukumatga o‘z so‘zini ayta olishi kerak» - O‘zLiDeP rahbari bilan suhbat

 Joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlisning Qonunchilik Palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Odatda siyosiy jarayonlarda o‘zlarini sezdirmaydigan O‘zbekistonda mavjud beshta partiya bugungi kunda ancha faol. Turli tadbirlar uyushtirishmoqda, saylovoldi targ‘ibotga e'tibor bermoqdalar.

Ana shunday qizg‘in kunlarda mushtariylar va o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob topish maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov bilan suhbatlashdik.

Nega aholining ko‘pchilik qismi partiyalar dasturi, faoliyati o‘rtasidagi farqni tushunmaydi?

— Chindan ham shunday. Ijtimoiy so‘rovnomalarda ham xalqimizning bu boradagi bilimi yetarli emasligi o‘z isbotini topgan. Buni bartaraf etishning yo‘li bitta – targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, partiyalar dasturlari bilan yaqinroq tanishtirish. O‘zLiDeP misolida aytadigan bo‘lsam, yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladigan tadbirlar o‘z samarasini bermasligini allaqachon anglab yetganmiz. Mana, hozir ham tadbirdan kelyapman. Imkon qadar eng quyi bo‘g‘inlar, tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlar, ziyolilar, yoshlar, xotin-qizlar, hayotda, ishda katta tajriba orttirgan insonlar bilan ishlayapmiz. Bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, O‘zLiDeP xalqimiz ko‘proq taniydigan va uyma-uy, mahallama-mahalla yurib, aholimizni qiynayotgan muammolarini yechishga ko‘maklashayotgan, amaliy ishlar partiyasidir.

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov

Koalitsiyalar tuzish bo‘yicha xorij tajribasi bizda qo‘llanilishi mumkinmi?

— Xorijda kichik partiyalar o‘zaro birlashadi yoki yirik partiya qanotiga kiradi. Bizda ham bunday tajriba qo‘llangan. Oldingi saylovlardan keyin hukumatni shakllantirish uchun koalitsiya tuzilgan. Bundan tashqari, qandaydir yirik strategik masalalar, umumxalq davlat dasturlari ustida ish olib borilganida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilinadi.

Aktam Hayitovga munosib raqib...

— Hamma partiyalarning dasturi bilan tanishman, liderlarini yaxshi bilaman. Yirik partiyalardan biri bu XDP, joylarda ham vakillari juda ko‘p. Lekin yo‘nalishlarimiz boshqa-boshqa. XDP ko‘proq ijtimoiy himoyaga ahamiyat beradi. LiDeP g‘oyalarini yaxshi bilasiz – insonlar uchun munosib, erkin hayot, sog‘lom raqobat, tadbirkorlik, ishbilarmonlikni rivojlantirish, fuqarolik jamiyati, barchaga o‘zini ko‘rsatishga imkon yaratish, iqtisodiy farovonlik kabi qator yo‘nalishlar qamrab olingan. Mana shular to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ijtimoiy himoya ham o‘z-o‘zidan iziga tushib ketadi.

Bir narsani ta'kidlashni istardim – biz hukumatga ta'sir o‘tkazish kuchiga ega bo‘lgan partiyamiz! Yangi qonunlar, tashabbuslar, amaliy takliflar, parlament, hududlardagi deputatlarimiz, hukumatdagi vakillarimiz, siyosatchi va amaliyotchilarimiz orqali partiya dasturidagi vazifalarni amalga oshiryapmiz. Bizning partiya hukumat idoralari bilan birga O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirish strategiyasida beshta ustuvor yunalishlarni amalga oshirishda ham mas'ullikni o‘z zimmasiga olgan. Misol tariqasida ko‘plab tashabbuslarimizdan biri sifatida shu yil avgust oyida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan Prezident Farmoni, 100ga yaqin yangi qonunlar qabul qilinishida, «Har bir oila tadbirkor», «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlarini hayotga tatbiq etish borasida bizning partiya tashabbuskor ekanini aytib o‘tishni joiz deb hisoblayman.

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top