09:10 / 20.10.2019
0
30445
Hindistonda talabalar imtihonni boshlariga karton quti kiygan holda topshirishga majburlandi

Internetda imtihonni boshlariga karton quti kiygan holda topshirgan hindistonlik kollej talabalari surati tarqalishi bilan bog‘liq mashmasha avj oldi.

Foto: ANI

Fotosuratlar Hindistonning Kanataka shtati Xaveri shahridagi Bxagat tayyorlov kollejining kimyo fanidan imtihonlari vaqtida olingan.

Suratlarda o‘quvchilar partalar oldida o‘tirgani va ko‘chirib yozish imkoniyati bo‘lmasligi uchun boshda karton quti bo‘lgani holda tasvirlangan.

Kollej ma'muri ushbu ko‘ngilsiz holat yuzasidan okrug hukumati oldida uzr so‘radi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu usuldan boshqa maktablarda qo‘llanishidan xabar topgan kollej o‘qituvchilari ham tajriba qilib ko‘rmoqchi bo‘lishgan.

U shuningdek, bu tajriba ishtirokchilarning roziligi va ularning o‘zlari olib kelgan karton qutilaridan foydalangan holda amalga oshirilganini ta'kidlagan.

«Hech qanday majburlash bo‘lmagan. Rasmlarda ko‘rinib turibdiki, hamma talabalar ham qutini kiyishmagan. Ba'zilar qutilarni 15 daqiqadan so‘ng yechib tashlashgan, biz ham bir soatdan so‘ng yechishni tavsiya etgandik», - deydi boshqaruvchi.

Kollej o‘qituvchilari bunday tajribani Mumbaydagi maktablardan ko‘chirishgan / ANI

Mahalliy organlar vakillari ijtimoiy tarmoqlarda fotosuratlarni ko‘rishlari bilanoq zudlik bilan kollejga tashrif buyurishgan.

Universitetgacha ta'lim qo‘mitasining mahalliy direktori o‘rinbosari S.Ch. Pirdjade ushbu usulni noinsoniy deb atadi.

«Bu voqeadan xabar topishim bilan o‘sha zahoti kollejga bordim va rahbariyat bunga chek qo‘yishi kerakligi haqida buyruq berdim, - deya uning so‘zlarini keltiradi Times of India gazetasi. - Shuningdek, kollej rahbarlariga ogohlantirish berdim va hozirda intizomiy choralarni ko‘rib chiqmoqdaman».

Kollej rahbariyati ushbu tajriba to‘xtatilgani va mahalliy ta'lim organlari buyruqlariga amal qilinayotganini bildirgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top