13:30 / 20.10.2019
0
16308
Narpayda 12 yildan buyon ishlamay turgan masjid: mahalla oqsoqollari uni ochish uchun qay idoraga bosh urishni bilmay sarson

Narpay tumani Chaqar qishlog‘ida hashar yo‘li bilan tiklangan, barcha talablarga javob beradigan jome' masjidini hujjatlashtirish uchun mahalla oqsoqollari 12 yildan buyon chopishadi.

Samarqand viloyati Narpay tumani Chaqar qishlog‘idagi «Navro‘z» mahallasi oqsoqollari uzoq yillardan buyon o‘zlarini sarson qilib kelayotgan masala bo‘yicha Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, mahallada 12 yildan buyon «Bolta bobo» jome' masjidi aholining o‘z mablag‘lari hisobiga, hashar yo‘li bilan mukammal ta'mirdan chiqarilgan. Biroq hanuz u yerda bugungi kunda mahallaning ahliga jamoat va juma namozlarini o‘qish uchun ruxsat berilmayapti.

Sababi — masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Qishloqning qariya oqsoqollari juma namozni o‘qish uchun 7-10 kilometr yo‘l bosib, qo‘shni qishloqlardagi yoki tuman markazi Oqtosh shaharchasidagi jome' masjidlarga qatnashayotganini ma'lum qilishdi.

Shuningdek, masjidga ruxsat berib ochilsa, uni yanada obod va ko‘rkam qilish uchun tayyor ekanliklarini aytishdi.

Masjidda imomlik qilish uchun shu qishloq yoshlaridan biri Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida o‘qib kelgan ekan. Demak, diniy bilimi yetarli kadr bor. Lekin janoza va ma'rakalarga ham qo‘shni qishloqlardan imom chaqirib, ovora bo‘lishmoqda.

Barpo etilgan masjidning tahoratxonasi ham barcha sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq jihozlangan. Masjidga xavfsizlikni ta'minlash maqsadida kuzatuv kameralari ham o‘rnatib chiqilgan. Atrofi o‘ralgan.

Masjid Samarqand va Buxoroni bog‘lovchi M-37 xalqaro yo‘lidan bor-yo‘g‘i 150 metr ichkarida joylashgan. Qubbasi yo‘ldan ko‘rinib turadi. Bu masjid faoliyat ko‘rsatishi ziyorat turizmi uchun ham muhim hisoblanadi.

So‘nggi ikki yil davomidada qariyalar bu borada murojaat qilmagan joy qolmagan. Masjid hadeganda ochilmayotganidan u yerdagi ishlar to‘xtab qolgan. Ular hashar yo‘li bilan masjid hovlisiga plitka yotqizishni, yangi qubba o‘rnatishni, musofirlar uchun mehmonxona va dam olish maskani qurishni rejalashtirishgandi. Buning uchun faqat ruxsat kerak.

«Umrimizning katta qismini yashab bo‘ldik. Endi qo‘limizdan keladigani faqat oxirat tadorigini ko‘rish va ezgu ishlarga otlanganlarni duo qilish. Shu masjidda ibodatimizni qilib, yurtimiz tinchligi, farovonligini Allohdan so‘rab, rahbarlarimizni duo qilamiz. Bizga rahbarlarimiz bu borada yordam berishini o‘tinib so‘raymiz», deyishdi otaxonlar.

Biz mutasaddi tashkilotlarni chaqarlik otaxonlarning murojaatiga quloq tutishni, ularga belgilangan qonun-qoidalar va talablar hamda o‘z vakolatlari doirasida yordam berishni so‘rab qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri,
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top