00:09 / 20.10.2019
0
5425
Tsukerberg Sandersning milliarderlardan xalos bo‘lish to‘g‘risidagi taklifiga javob qaytardi

Prezidentlik poygasiga qo‘shilishini e'lon qilgan senator Berni Sanders boy amerikaliklar uchun yangi soliq kiritishni taklif qildi. Uning fikricha, Amerikaga milliarderlarning keragi yo‘q.

Facebook asoschisi va rahbari, milliarder Mark Tsukerberg AQSh prezidentligi saylovida ishtirok etishini bildirgan Berni Sandersning milliarderlardan qutulish to‘g‘risidagi g‘oyasini tanqid qildi.

«Senator Sanders bildirgani kabi takliflarni eshitganimda bir oz xavotirga tushaman. Hamma narsa davlat tomonidan qilinishi kerakligi to‘g‘risidagi taklif bozor va dunyoni amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan turli sa'y-harakatlardan mosuvo qiladi», — dedi Tsukerberg.

Sanders o‘tgan oyda The New York Times gazetasiga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlarga milliarderlarning keragi yo‘qligini aytgandi.

«Men milliarderlar bo‘lishi kerak deb o‘ylamayman. Bu taklif milliarderlarni yo‘q qilishni anglatmaydi, lekin milliarderlarda bo‘lgan boylikning katta qismini yo‘q qilishni anglatadi va biz xuddi shunday qilishimiz kerak deb o‘ylayman», — dedi u. 

Sandersning taklifiga ko‘ra, aktivlari 32 mln dollardan ortiq bo‘lgan shaxslarga 1 foizlik soliq solinishi, boyligi 10 mlrd dollardan ortiq bo‘lganlarga esa bu miqdor 8 foizgacha oshirilishi lozim.

Forbes Tsukerbergning boyligini 69 mlrd dollar deb baholaydi. U sayyoramizning eng boy kishilari reytingida sakkkizinchi o‘rinda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top