12:45 / 21.10.2019
0
4528

Aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 3,4 mln so‘mni tashkil etdi

Foto: KUN.UZ

Respublika bo‘yicha joriy yilning yanvar-sentabr oyida chakana savdo tovar aylanmasi 114,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,0 %ga o‘sdi. 

Davstatqo‘m ma'lumotiga ko‘ra, yirik korxonalarning tovar aylanmasi 18 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 30,2 %), kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining tovar aylanmasi 96,9 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 3,5 %), shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 11,7 trln so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,9 %ga kamaygan) tashkil etdi.

2018 yilning shu davriga nisbatan respublikaning barcha hududlarida chakana savdo tovar aylanmasining o‘sish sur'atlari kuzatilib, nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari Xorazm, Sirdaryo, Navoiy, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi. 

Chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,2 %ga o‘sdi va 18 trln so‘mni tashkil qildi. Bu esa umumiy savdo hajmining 15,7 % ulushiga to‘g‘ri keladi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining chakana savdo tovar aylanmasi hajmi statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, 96,9 trln so‘mni tashkil etib, 2018 yilning yanvar-sentabr oyiga nisbatan 3,5 %ga o‘sdi. Respublika miqyosida ushbu sektorning jami chakana savdo tovar aylanmasidagi ulushi 84,3 %ga teng kelmoqda. 

Tahliliy natijalarga ko‘ra, chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining ulushi bo‘yicha Qashqadaryo (96,9 %), Jizzax (91,0%), Toshkent (90,6 %), Surxondaryo (89,4 %) va Namangan (87,7 %) viloyatlari yetakchilik qilmoqda. 

Chakana tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning ulushi 15,7 %ni tashkil etib, eng katta ulush Toshkent shahrida (27,6 %), Xorazm viloyatida (24,0 %) va Buxoro viloyatida (14,2 %) kuzatilgan. 

2019 yil yanvar-sentabr holatiga o‘rtacha aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi - 3,4 mln so‘m (o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 5,0 %ga o‘sgan). 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top