14:09 / 21.10.2019
1
6675
Oliy ta'lim tizimida masofaviy ta'limni joriy etish taklif qilinmoqda

O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida masofaviy ta'limni joriy etish taklif qilindi. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida Yevropa standartlari asosida masofaviy ta'limni tashkil etish, shu bilan birgalikda, top mingtalikka kiruvchi oliy ta'lim muassasalarida masofaviy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish zarur. Hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan asrda ulardan oqilona va to‘laqonli foydalangan holda ta'lim sifatini va shu bilan bir vaqtda ish faoliyatini olib borishni ta'minlash ham ta'limda, ham ish faoliyatida yuqori samara berishi mumkin. 

“So‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan yoshlarimiz qo‘shni mamlakatlarning bir qancha yuqori mavqega ega bo‘lgan oliygohlarida masofaviy ta'lim asosida o‘qishni afzal ko‘rishmoqda. Agarda Respublikamizda masofaviy ta'lim berish joriy etilsa, bu bilan mamlakatimizda oliy ma'lumotga ega bo‘lgan kadrlar soni ko‘payadi, minglab yoshlarimiz ish joylarini tark etmasdan turib oliy ta'lim olishadi va o‘z-o‘zidan iqtisodiyotga juda katta foyda keladi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, oliy ma'lumotli kadrlar ko‘payib ketsa, ularni ishga joylashtirish muammosi paydo bo‘lishi mumkin, lekin kadrlar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘z-o‘zidan ular o‘rtasida raqobat vujudga keladi va ta'lim sifati oshadi, talaba o‘z ustida ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri keladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimida masofaviy ta'limni joriy etishni taklif qilamiz”, - deyiladi petitsiyada.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top